Orzuga aylanayotgan YECHL kubogi, “parchalanayotgan” yulduzli tarkib va rahbariyat maqsad qilgan qimmat brend
“PSJ”dagi tartibsizliklarga asosiy sabab nima?

“PSJ” yana chempionga aylandi, bu klub Qatarning aktiviga aylanganidan beri 11-marta sodir bo‘ldi. Bu rekord va chinakam ajoyib yutuq, ammo jamoa so‘nggi paytlarda bir qator tartibsizlikka g‘arq bo‘layotganga o‘xshaydi. Kristof Galtye ishdan bo‘shatilish arafasida. Muxlislar norozilik bildirishmoqda va asosiy yulduzlarning ketishini talab qilishmoqda. Kilian Mbappeda qolish uchun hech qanday sabab yo‘q (sodiqlikdan tashqari?). Lionel Messi kelajagi haqida qaror qabul qilish uchun mavsum yakunini kutayotgan edi, natijada u jamoani tark etdi.
Qatar xo‘jayinlarining strategiyasi klubni boshi berk ko‘chaga olib kirdi. Eng muhimi, ko‘p umid bog‘langan "Messi loyihasi" baribir muvaffaqiyasizlikka uchradi. Bu yerda gap argentinalik futbolchida emas, balki individual futbolchida - u 35 yoshda va hali ham dunyoning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri, jamoasini jahon chempioniga aylantirdi. Leo “PSJ” strategiyasining ramzi sifatida ko‘rildi, ammo bu ko‘p yillar davomida ishlamagan loyihani oyoqqa turg‘izishga yordam bermadi. Chunki klub asosiy eʼtiborini yirik nomlarni sotib olishga qaratdi. Eng muhimi, jamoada birdamlik shakllanmadi. Shuning uchun o‘yinlarda xarakter yetishmadi. Bu esa klubning yildan-yilga Chempionlar ligasida muvaffaqiyatga erishishiga to‘sqinlik qilmoqda.
“PSJ” atrofida katta nomlarga ega mega-jamoa imidjini yaratdi va Messining transferi yana bir kuchli portlash bo‘ldi. Kuchli uchlik Parijda edi. Ammo alohida xarakterga ega o‘yinchilarni bir joyga to‘plashning o‘zi yetarli emas. Bu uchlik klub uchun falokatli bo‘lib chiqdi, chunki butun jamoa faqat ularning atrofida saf tortdi. "Oldinga tashlang va ulardan biri nimanidir o‘ylab topishini kuting" taktikasi ish bermadi. Yulduzli trio erkin rollarga ega bo‘ldi va hamma ular bilan birga o‘ynashi kerak edi. Biroq, bu tartibsizlikni keltirib chiqardi.
Messi “PSJ”da doim bo‘layotgan voqealarga sodiq ko‘rinmagan. Ha, u o‘z ishini qildi va uni yomon o‘yinda ayblash qiyin. Kerakli vaqtda gol urdi va golli paslarni amalga oshirdi. Biroq, u tez-tez jarayondan chiqib ketadi yoki unda qanday rol o‘ynashni tushunmaydi. Bu biz “Barselona”da yoki terma jamoada ko‘rgan Messiga yaqin emas. Birinchi mavsumida Messi barcha musobaqalarda 15 ta o‘yinni o‘tkazib yubordi va “PSJ” usiz o‘rtacha 2,53, u bilan esa 2,03 ochko to‘pladi. Ha, ikkinchi mavsumda Messi maydonga tushdi, lekin jami ikki yil davomida shunday ko‘rsatkichlar aniq bo‘ldi: “PSJ” Leosiz qanday g‘alaba qozonishni biladi.
Messining kelishi kiyinish xonasida allaqachon mega-yulduzli muhitni yaratdi, u yerda Mbappe va Neymar o‘z shartlarini aytib berishdi. Fransuz futbolchisi yangi shartnoma bilan bir qatorda qarorlarga taʼsir qilish huquqini oldi, bu esa allaqachon qiyin vaziyatni murakkablashtirdi. Aytgancha, Mbappe, Messi va Neymarning bir joyda bo‘lishining o‘zi muammo emasligini tushunish kerak.
“PSJ” duch kelgan vaziyatning yana bir muhim tarkibiy qismiga keldik: klubda hech qanday darajadagi tuzilma yo‘q. Aniq iyerarxiya, puxta tuzilgan transfer siyosati, o‘yinda aniq tizim, bu yerda har bir futbolchining o‘z o‘rni va vazifasi bo‘ladi, halollik hissi mavjud. “Siti” - bu jamoa, “PSJ” - uchta yulduz va qolganlar faqat ular uchun o‘ynaydigan joy. Klub rahbariyati mega-jamoa tuzish uchun eng zo‘r futbolchilarni qo‘lga kiritish uchun millionlab mablag‘ sarflash zamonaviy futbolda muvaffaqiyatga erishishning ishonchsiz vositasi ekanligini haligacha tushunmaganga o‘xshaydi. “PSJ” mutasaddilari eʼtiborga olmagan jihat shundaki, yuqori saviyadagi futbol o‘yinlarida endi aql bilan g‘alaba qozonilmoqda. Agar siz “Bavariya”ni mag‘lub etmoqchi bo‘lsangiz, sarflangan pul miqdori bo‘yicha ularni qanday qilib mag‘lub etishni emas, balki taktik jihatdan qanday aqlli o‘ynashni bilishingiz kerak. “PSJ”ga yaxlit va taktik jihatdan innovatsion yondashuv kerak, ammo hozircha, klub tarafdorlari aytganidek, bu «haqiqiy yo‘nalishsiz sport siyosati»ga ega loyiha.
Rahbariyatning ikkita asosiy maqsadi bor: Chempionlar ligasini yutish va “PSJ”ni kuchli va qimmat brendga aylantirish. Va ikkalasi ham bir-biriga bog‘langan, chunki Neymar, Mbappe va Messi nafaqat sport, balki marketing loyihalarida ham katta foyda keltiradi. Bunday aktivlar eʼtiborni tortadi, qiziqishni oshiradi va bu ko‘proq televizion auditoriya, ko‘proq chipta sotish va ko‘proq pul deganidir. “PSJ” uzoq vaqtdan beri eʼtibor darajasini oshirish uchun yulduzlarni jalb qilishni yaxshi ko‘radi. Devid Bekxem va Zlatan Ibrahimovich shu maqsadda bu yerga kelishgan. Messining shartnoma imzolashi katta marketing imkoniyatini yaratdi, ammo o‘yin nuqtai nazaridan klub o‘z mablag‘larini yarim himoya va himoyani unchalik mashhur bo‘lmagan futbolchilar bilan kuchaytirishga yo‘naltirganida yaxshi bo‘lardi.
Birinchi yili Messi klubga 700 million yevro olib keldi, chunki undan keyin klubga hamkorlik uchun bir qator brendlar takliflar yuborishdi. Sotilgan futbolkalarning 60 foizida Messining nomi yozilgan edi. Umumiy liboslar savdosi 40 foizga oshdi. Albatta, homiylar va daromadlar juda muhim. Ammo, “PSJ”da allaqachon katta resurslar mavjud, ular jamoaning kuchli tayanchini shakllantirishga, barcha o‘yinchilar o‘yin tafakkuri nuqtai nazaridan birlashishi va keyingi avlodni tarbiyalash mumkin bo‘lgan akademiyaga yo‘naltirilishi juda muhim edi. Ammo, rahbariyat shunday yo‘lni tanladiki, bu yo‘l bilan klub ularning qo‘lida o‘yinchoq bo‘ldi.
Ha, “PSJ” hali ham Fransiyaning eng kuchli klubi. Lekin, bunday tarkib va imkoniyatlar bilan jamoani milliy chempionatlarga emas, Yevropadagi yutuqlariga qarab baho berishadi. U yerda esa “PSJ” yildan-yilga muammolarga duch kelmoqda. “PSJ” esa tizimsizlilik, aniq rivojlanish vektori yo‘qligi sabab Chempionlar Ligasi bilan dastlabki bosqichlardayoq xayrlashmoqda. Toki, loyiha rahbarlari hamma narsani noldan boshlash vaqti kelganini tushunib yetmaguncha bu holat davom etaveradi.







