Janubiy Afrikada vabodan 31 kishi halok bo‘ldi
JSST maʼlumotlariga ko‘ra, 43 mamlakatda 1 milliarddan ortiq odam vabo bilan kasallanish xavfi ostida.

Janubiy Afrikada fevral oyida boshlangan vabodan vafot etganlar soni 31 nafarga yetdi, deya xabar berdi Anadolu agentligi.
Mahalliy OAV maʼlumotlariga ko‘ra, Gauteng provinsiyasida vabodan 29 kishi, Fri-Steyt va Mpumalanga provinsiyalarida yana bittadan o‘lim qayd etilgan. Janubiy Afrikada jami 166 ta laboratoriya tomonidan tasdiqlangan vabo infeksiyasi aniqlangan, yana 202 nafari shifokorlar tomonidan tekshirilyapti. Rasmiylar avvalroq 22 kishining o‘limini eʼlon qilgan edi.
Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa epidemiyaning epitsentriga aylangan poytaxt chetidagi Xammanskraalega tashrif buyurdi.
Prezident vabo epidemiyasini tezroq bartaraf etish uchun hukumat barcha zarur choralarni ko‘rayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, 43 mamlakatda 1 milliarddan ortiq odam vabo bilan kasallanish xavfi ostida.







