Dzyudo: Jahon chempionatida 6 nafar sportchimiz bronza medalini qo‘lga kiritdi
Xorvatiyada o‘tkazilgan musobaqada munosib ishtirok etgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yurtimizga qaytdi.

Xabaringiz bor, 23-27 – avgust kunlari Xorvatiyaning Zagreb shahri dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Dunyoning 64 mamlakatidan 576 nafar sportchi ishtirok etgan dunyo birinchiligida Tohir Fayziyev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ham g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Jamoamiz vakillari musobaqa davomida 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Sovrinlar quyidagi sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritildi:

Erkaklar:
-66 kg: Inoyat Telmanov
-73 kg: Azamat Ablakulov
-90 kg: Hakimjon Mahkamov
Ayollar:
-44 kg: Laziza Haydarova
-63 kg: Nigina Saparboyeva
-70 kg: Mushtariybegim Afzalova


Mana shunday yorqin natijalar qayd etgan o‘smirlarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Sportchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi rasmiylari, yaqinlari va OAV xodimlari tomonidan kutib olindi.








