"Challenge Samarkand-2023" sport festivali nihoyasiga yetdi
Mazkur festival "Challenge Family" xalqaro brendi ostidagi triatlon musobaqalaridan iborat bo‘ldi.

Shu yilning 16–17 sentabr kunlari Samarqand shahrida «Challenge Samarkand-2023» sport festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur festival «Challenge Family» xalqaro brendi ostidagi triatlon musobaqalaridan iborat bo‘ldi.
Bellashuvlar Samarqand turizm markazidagi «Silk Road Samarkand» xalqaro sayyohlik majmuasi hududida start oldi. «Challenge Samarkand» turnirining suzish bahslari eshkak eshish kanalida 1,9 km masofada tashkil etildi. 86 km masofani o‘z ichiga olgan velosport bo‘yicha poygalar «Silk Road Samarkand» majmuasidan boshlanib, ikki davradan iborat bo‘ldi. Sportchilar Amir Temur haykali, Registon ansambli, Bibixonim madrasasi, Afrosiyob bozoridan o‘tib, so‘ngra zamonaviy Samarqand ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishdi. Yugurish bosqichi esa «Silk Road Samarkand» majmuasi hududida o‘tkazildi va unda sportchilar 21,5 km masofani bosib o‘tishdi.
Ushbu musobaqalar doirasida triatlon bo‘yicha professional sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Respublika birinchiligida yurtimizning eng kuchli triatlonchilari mamlakat chempionligi uchun kurash olib bordi. Taʼkidlash kerakki, «Challenge Samarkand-2023» sport festivalida 2000 dan ziyod sportchilar ishtirok etdi. Ular orasida xorijlik atletlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Xususan, bellashuvlarda Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Janubiy Afrika Respublikasi, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi dunyoning 35 ta davlatidan sport ustalari qatnashdi.
Musobaqaning turli yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga mukofotlar topshirildi. Ota-onalarning farzandlari bilan bahslarda ishtirok etgani oilalarda sog‘lom turmush tarziga targ‘ibotning ifodasi bo‘ldi.







