Suv haqiqatan ham "suvtekin"mi?
Istagan paytimiz xonadonimizdagi jo‘mrakni burab, beminnatgina suv ishlatish imkoniga egamiz. Biroq...

Xalqimizda “suvtekin” degan so‘z bor. U odatda “bepul emas, ammo o‘ta arzon” degan maʼnoda ishlatiladi. Odamlar ariqlardan bemalol suv ichishgan zamonlarda suv haqiqatan deyarli tekin bo‘lgandir, ammo bunday taʼrif bugungi reallikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Ichimlik suv hajmlari, ayniqsa, bizning mintaqada juda cheklangan va aholi ehtiyoji ortib borgan sari uning hajmlari kamayib bormoqda. Bundan tashqari, aholining ichimlik suv taʼminoti juda katta xarajatlarni talab etadi. Shunday ekan, suv tejab ishlatilgandagina, uni hammaga yetkazish mumkin.
Tejamkorlikka esa birinchi navbatda real tannarxni qoplay oladigan va odamlarni suv isrof qilmaslikka majbur qiladigan darajada bo‘lgan tariflar bilan erishiladi. Suv taʼminoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan istalgan davlatni oling, tejamkorlik hisi madaniyatning ajralmas qismimiga aylangan.
Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo‘lmaydi. Suv qancha arzon bo‘lsa, uni shuncha isrof qilamiz. Bu inson tabiatiga xos. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin.
Hozirga kelib, ichimlik suv ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish suvni jamlash, filtrlash, har soatda laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish, minglab kilometrlik quvurlar va nasoslar orqali markazlashgan tarzda tashish singari bir nechta murakkab bosqichlardan o‘tadi. Ko‘plab ishchilar, mutaxassislarning mashaqqatli mehnati evaziga biz xonadonimizda jo‘mrakni bir burab, istagancha suv ishlatish imkoniga egamiz.
O‘zbekiston hududida ichimlik suvi taʼminotining 42 foizi yer osti va 58 foizi yer usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi. “O‘zsuvtaʼminot” AJ bergan maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda, 1 m3 ichimlik suvini ishlab chiqarish o‘rtacha tannarxi 1 681 so‘mni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich hududga qarab turlicha, masalan: Qoraqalpog‘istonda – 3 221 so‘m; Sirdaryo viloyatida – 2 374 so‘m; Toshkent viloyatida – 1 722 so‘m.
Tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan boshqa yana qanday omillar taʼsir qiladi?
1. Tariflar so‘nggi 3 yildan buyon o‘zgarmay kelayotgani natijasida o‘rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 mlrd so‘m qoplanmasdan qolgan. Bu esa qo‘shimcha qarz xarajatlarini keltirib chiqaradi;
2. So‘nggi 3 yilda isteʼmolchilar soni 3,2 mln nafarga (808 ming abonent) oshgan. Ularga ichimlik suv yetkazib berish esa yana-da ko‘proq mehnat va xarajatlarni talab etishi tabiiy;
3. Suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yil elektr energiyasi xarajatlari oshganini ham eslab o‘tish joiz;
4. Muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal taʼmirlash xarajatlari.
Ichimlik suv taʼminoti tizimida bozor narxlari mexanizmlariga o‘tish vaqti allaqachon yetib kelgan. Isteʼmol uchun real narxlarda pul to‘lagan odam hech qachon uni isrof qilmaydi, suvdan xo‘jasizlarcha foydalanmaydi. Qolaversa, bu suv taʼminoti tizimidagi korxonalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, hali suv yetib bormagan hududlarimizda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ham imkon yaratadi.
“O‘zsuvtaʼminot” AJ bergan maʼlumotga ko‘ra, 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy taʼmirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish haqi xarajatlari 29 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi. Tannarxning oshishiga qo‘shimcha omillar ham taʼsir qilmoqda. Jumladan, 2022 yildan boshlab foydalanuvchilarga ichimlik suv tarmoqlarini uy xo‘jaligigacha kiritish va 2023 yil 1 yanvardan boshlab aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “O‘zsuvtaʼminot” AJ va hududiy suv taʼminoti korxonalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun respublika bo‘yicha jami 902 mlrd so‘m mablag‘lar talab etiladi. Ushbu mablag‘lar bugungi kungi tarif xarajatlarida ko‘zda tutilmagan.
Bundan tashqari, ichimlik va oqova suv inshootlarini qo‘riqlash xizmati to‘lovlari so‘nggi uch yilda 6-marta oshganligi natijasida 18,5 mlrd so‘m qo‘shimcha to‘lovlar kelib chiqqan.
Masalaning eng o‘ylantiradigan tomoni shundaki, bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda ko‘zda tutilmagan. Soha xodimlarining ish haqi miqdorlari esa so‘nggi 3 yilda o‘rtacha 1,3 mln so‘mdan 1,4 mln so‘mga yoki bor-yo‘g‘i 10 foizga oshirilgan.
Respublika bo‘yicha aholiga eng arzon tarif – Toshkent shahrida 1 metr3 uchun 400 so‘m, eng qimmat tarif qiymati – Navoiy viloyatida 3 000 so‘mni tashkil etadi.
Hozirgi tariflar bilan hisoblaydigan bo‘lsak, aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali yetkazilayotgan ichimlik suvning 1 litri 1 so‘m 38 tiyinga to‘g‘ri keladi. Savdo do‘konlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv o‘rtacha 3000 so‘mni tashkil etmoqda. Bundan ko‘rinadiki, ichimlik suv narxi 2 200 baravar arzon yoki savdo do‘konlarida xarid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 7 ming litr ichimlik suv yetkazib beriladi.
Xulosa o‘rnida
Biz har kuni isteʼmol qiladigan ichimlik suvimiz o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buning uchun katta mehnat va xarajatlar sarf qilish kerak. Suv narxlarining bozor shartlariga yaqinlashtirilishi, loaqal tannarxni qoplaydigan darajaga yetkazilishini bugungi sharoitlarning o‘zi taqozo etmoqda.
Shundagina soha korxonalari yig‘ilib qolgan qarzdorliklardan forig‘ bo‘lib, oyoqqa turishi, mamlakat aholisini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasini oshirish bo‘yicha yangi loyihalarni qo‘rqmay boshlashi mumkin bo‘ladi.







