Endi temiryo‘l vokzallariga pasportsiz kirish mumkin
Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ maʼlum qildi.

Vazirlar Mahkamasining 17 apreldagi 159-son qaroriga muvofiq, fuqarolar temiryo‘l vokzallariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirishlariga ruxsat beriladi.
Temiryo‘l vokzallariga tashrif buyuruvchilar endilikda soddalashtirilgan holda yaʼni shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz vokzal hududiga kirishlari mumkin.
Yo‘lovchilar platformasiga-perronga yo‘lovchi poyezd chiptalariga ega bo‘lgan yo‘lovchilar hamda harakatlanishi cheklangan bemor yoki keksa yoshdagi yo‘lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchi fuqarolar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan o‘tishlari mumkin.
Chiptalari yo‘q shaxslar, shuningdek, chiptada ko‘rsatilgan maʼlumotlar yo‘lovchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlardagi maʼlumotlarga mos bo‘lmagan fuqarolarning yo‘lovchilar platformasi-perronga va yo‘lovchi tashish vagonlariga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.







