O'zbekiston

Prezident davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

2024 yilda inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljalanmoqda.

Prezident davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

Davlat byudjeti daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.

 

Avvalo, yirik sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Masalan, joriy yilning birgina to‘rtinchi choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion so‘m xarajatlarni kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu ishlarni tizimli davom ettirish uchun hukumatga kelgusi yilda yirik tarmoqlarda tannarxni 15-20 foiz kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

 

Hududlarning daromad bazasini kengaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, past quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko‘mak berib, ularni to‘liq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish muhimligi aytildi.

 

Qishloq xo‘jaligida “katta sakrash”ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi taʼkidlandi. Bu borada yer sifati, nav va agrotexnologiyaga zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng tatbiq etish orqali bir gektarda paxta hosildorligini 50 sentnerga, g‘allada 100 sentnerga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

 

Mintaqada suv muammosi kun sayin dolzarb bo‘lib bormoqda. So‘nggi ikki yilda suv xo‘jaligiga byudjetdan 22 trillion so‘m, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trillion so‘m subsidiya ajratilgan.

 

Shu bois kelgusi yillarda sug‘orish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish ishlariga ajratiladigan mablag‘ ko‘paytirib boriladi. Jumladan, kelgusi yilda markazlashgan investitsiya hisobidan 1,7 trillion so‘mlik va xalqaro moliya tashkilotlaridan 300 million dollarlik suv infratuzilmasi loyihalari amalaga oshiriladi. Davlat rahbari bu masalaga kengroq to‘xtalib, sug‘orish kanallarini betonlash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishini taʼkidladi.

 

Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu bois 2024 yil uchun davlat byudjeti loyihasida bu sohalarga katta eʼtibor qaratilgan.

 

Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljalanmoqda. Bu joriy yilgiga nisbatan 15 foiz ko‘p.

 

Masalan, dastlabki loyihada 317 ta maktab qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan edi. Prezident bu masalaning muhimligini va joylardagi talabni inobatga olib, yana 150 ta maktab qurilishiga mablag‘ ajratishni taklif qildi.

 

Maktabgacha taʼlim, professional va oliy taʼlim tizimi uchun nazarda tutilgan mablag‘larni ham ko‘paytirish bo‘yicha fikr bildirildi.

 

Shu bilan birga, ushbu mablag‘lardan oqilona foydalanish, ajratilayotgan mablag‘larning natijadorligini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi to‘liq joriy qilinadi. Bu – har bir mahallaning 100 million so‘mgacha mablag‘i bo‘ladi, degani.

 

Davlat rahbari bu mablag‘larni mahallada ish o‘rni yaratadigan, aholining og‘irini yengil qiladigan loyihalarga yo‘naltirish zarurligini taʼkidladi. Ushbu yangi tizim bo‘yicha mahalla raislarini o‘qitish, mablag‘larning hisobini yuritish va nazorat qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

 

Shu bilan birga, byudjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka takliflar kiritish zarurligi aytildi. Bu borada byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish qatʼiy ko‘rsatib o‘tildi.

 

Tarmoq, soha va hududlarga kelgusi yil 32 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 19 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

 

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2024 yil uchun byudjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

 

Kun tartibidagi ikkinchi masala hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid bo‘ldi. Davlat rahbari Qashqadaryo viloyati misolida yil yakunigacha bo‘lgan ishlarni maksimal darajada bajarish, kelgusi rejalarni belgilashda aholi talabi va muammodan kelib chiqish yo‘lini ko‘rsatib berdi. Bunda hokimliklar bilan vazirliklar tengma-teng masʼul ekani, o‘zaro muvofiq ishlab, soha  va joylardagi masalalarni hal etish zarurligi taʼkidlandi.

custom img

Navoiyda pora olishdan bosh tortgan YPX xodimiga 1000 dollar mukofot berildi

Mast holda avtomobil boshqargan haydovchining otasi IIO xodimiga ma’muriy materiallarni sudga yubormaslik uchun pora taklif qilgan.

custom img

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi

“Yo‘l xaritasi”da bir qator tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

custom img

O‘zbekiston Hindiston bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

Tomonlar o‘rtasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha protokol imzolandi.

custom img

Saida Mirziyoyeva kichik biznes uchun soliq sharoitlari yengillashtirilgani haqida yozdi

Saida Mirziyoyeva buning samarasini, eng avvalo, oilaviy korxonalar, kafelar, do‘konlar, xizmat ko‘rsatuvchilar, mamlakat iqtisodiyotini harakatga keltirayotgan minglab insonlar his qilishini ta’kidladi.

custom img

Tadbirkorlarga QQSni hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi

Mazkur tartib davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar hamda yirik soliq to‘lovchilarga tatbiq etilmaydi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga jo‘nab ketdi

Prezident Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi.

custom img

Farg‘onada erkak yer talashib odamlarga pichoq bilan tahdid qildi

Bolalar futbol maydonidagi obodonlashtirish ishlari vaqtida yer masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

custom img

Prezident farmoni bilan bir guruh marhum ijodkorlar mukofotlandi

Mamlakatda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shgan marhum san’atkor, yozuvchi, hofiz, olimlar taqdirlandi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"