Isroilning rejalari qanday?
G‘azo sektoridagi voqealar: so‘z — ekspertlarga.

Reuters agentligining qayd etishicha, Isroil rasmiylari HAMASni butunlay yo‘q qilish niyatidaligini aytayotgan bo‘lsalar-da, ular guruhni sezilarli darajada zaiflashtirishi mumkin, xolos. Ammo uni butunlay tugata olmaydi.
Bir necha kundan beri Isroil o‘zining katta qo‘shinlari HAMASni butunlay yo‘q qilish uchun G‘azoga kirishga tayyor ekanini ochiq aytmoqda. Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant quruqlikdan hujum tez orada boshlanishini maʼlum qildi.
Reuters AQSH va Yaqin Sharq yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, Isroilning yaqin kelajakdagi strategiyasi G‘azo sektori infratuzilmasini yo‘q qilish (tinch aholining og‘ir qurbonlari bo‘lsa ham) ekanini yozmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, ehtimoliy ssenariy shuki, Isroil imkon qadar ko‘proq HAMAS aʼzolarini o‘ldiradi yoki qo‘lga oladi, tunnellar va raketa inshootlarini portlatadi. So‘ngra Isroil qurbonlar ko‘paygan sari g‘alabani eʼlon qilish va urushdan chekinish yo‘lini qidira boshlaydi.
Vashingtondagi agentlik manbasining taʼkidlashicha, AQSH prezidenti Jo Baydenning baʼzi yordamchilari Isroilning chiqish strategiyasiga ega emasligidan xavotirda. Davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin Yaqin Sharqqa safarlari chog‘ida urushdan keyingi rejaga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan.
Reuters xabariga ko‘ra, arab davlatlari rasmiylari ham Isroilning aniq rejalari yo‘qligidan xavotirda.
“Isroilning G‘azo bo‘yicha yakuniy yechimi yo‘q. Uning strategiyasi minglab bomba tashlash, hamma narsani yo‘q qilish va hududga kirishdir, lekin keyin nima bo‘ladi? Ularning "chiqish strategiyasi" yo‘q", — dedi agentlikning xizmatlardagi suhbatdoshlaridan biri.
AQSH prezidenti Jo Baydenning Isroilga shoshilinch ravishda uyushtirilgan tashrifi Oq uy vaziyatning yomonlashuvidan qanchalik xavotirda ekanini ko‘rsatadi. Vashington ikki jiddiy muammodan xavotirda: gumanitar inqirozning kuchayishi va mojaroning Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlarga ham tarqalishi xavfi.
Rasmiy ravishda Bayden AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisiga strategik yordam ko‘rsatish va Isroilning G‘azo bo‘yicha rejalari bilan tanishish uchun kelgan.
Norasmiy ravishda u Benyamin Netanyaxuning hukumatini biroz tiyilishga chaqirgan. Qanday bo‘lmasin, Qo‘shma Shtatlar Isroil armiyasi agar G‘azoga kirsa, u yerni qanday va qachon tark etishini bilishni xohlaydi.
So‘nggi kunlarda Eron Isroilning G‘azoga bostirib kirishi javobsiz qolmasligi haqida qattiq ogohlantirdi.
2006 yilda "Hizbulloh" jangarilari va Isroil o‘rtasidagi og‘ir yoki umuman noaniq urush paytida maʼlum bo‘ldiki, Isroil tanklari kamuflyajlangan minalardan zarar ko‘rgan hamda yaxshi rejalashtirilgan tuzoqqa tushib qolgan.
O‘shandan beri "Hizbulloh" Eron yordamida o‘zini qayta qurollantirdi (150 000 ga yaqin raketa arsenaliga ega ekani taxmin qilinadi.)
Ularning aksariyati uzoq masofali va aniq boshqaruv tizimlariga ega. Yaʼni, Isroil G‘azoga bostirib kirsa, "Hizbulloh" shimoliy chegarada yangi front ochib, uni bir vaqtning o‘zida ikki frontda jang qilishga majburlashi mumkin bo‘lgan — haqiqiy tahdid mavjud.
Bundan tashqari, Isroilning arab qo‘shnilari gumanitar yo‘laklar yaratish chaqiriqlariga keskin munosabat bildirishmoqda: ular bosqin qochqinlarning ommaviy chiqishiga sabab bo‘lishidan, keyinchalik ularni qabul qilgan mamlakatlarda abadiy yashashidan qo‘rqishadi. Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisining aytishicha, "millionlab misrliklar" qochqinlarni qabul qilishga qarshi norozilik bildira boshlaydi va g‘azoliklarni Sinay yarim oroli bilan chegaradosh hududga ko‘chirish uni kelajakda Isroilga qarshi hujumlar uchun bazaga aylantiradi.







