Germaniya mehmonnavozlikni yig‘ishtirmoqchi
Mamlakat migrantlarga darvozasini yopishiga nima sabab bo‘lmoqda?

2015-2016 yillarda Yevropa davlatlarini migratsion inqiroz qamrab olgan paytda Germaniya Angela Merkel rahbarligida chet elliklarga darvozasini ochgandi. "Mehmonnavozlik madaniyati" (Villkommenskultur) dasturi doirasida mamlakat 1,2 mln boshpana so‘rovchi qochqinni qabul qilgan.
Bugun Yevropada noqonuniy migratsiya darajasi yana o‘smoqda. Germaniya esa migrantlar integratsiyasi dasturini qayta ko‘rib chiqmoqchi.
"Biz Germaniyaga noqonuniy migratsiyani cheklaymiz. Bu yerga juda ko‘p odam kelyapti", - dedi amaldagi kansler Olaf Shols.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya mamlakatda qolishga asosi bo‘lmagan migrantlarni ommaviy qaytarib yuborishni boshlashi kerak.
Kanslerning shu so‘zlaridan bir necha kun o‘tib federal hukumat noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirish haqidagi qonun loyihasini maʼqulladi. Bu esa Germaniya uchun katta o‘zgarish vaqti yetganini bildiradi.
Shu hafta boshida Nigeriyaga qilgan 3 kunlik safari chog‘ida Shols Afrikaning bu davlati prezidenti Bola Tinubudan migratsiya masalasida yordam so‘radi. U yil boshida Italiya bosh vaziri Jorja Melonining Tunis bilan tuzgan shartnomasidan andoza olmoqchi.
Kelishuvga ko‘ra, Nigeriya migratsiya markazlarini kengaytirib, Germaniyadan deportatsiya qilinganlarni qabul qilishi kerak.
Bu tashabbus Olaf Sholsning ikkita hududiy saylovda ham uch partiyali koalitsiya mag‘lubiyatga uchragach, qatʼiy migratsion siyosatga o‘tganini yaqqol ko‘rsatadi. Ikkala saylovda ham konservatorlar g‘alaba qozongan. O‘ta o‘ngchilar esa reytinglardagi ko‘rsatkichlarini ancha yaxshilab olgan.
Shols esa mamlakatda boshpana so‘rayotganlar soni oshgani tufayli bosim ostida qolib ketmoqda. Davlat ichida norozilik kuchaygan, aholi hukumat qochqinlar oqimiga qarshi aytarli ish qilmayotganidan norozi.
O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, germaniyaliklarning 44foizi immigratsiya masalasini mamlakatning eng muhim siyosiy masalasi deb biladi va siyosatchilar unga birinchi navbatda eʼtibor qaratishini xohlaydi.
Ammo 2015 yilda Yevropa davlatlarining katta qismidan farqli ravishda Germaniya migrantlarga eshik ochganida fuqarolar ularni quchoq ochib kutib olgan edi.
Tahlilchilarning fikricha, o‘tgan yillar ichida siyosat o‘zgargan bo‘lsada, odamlar yordamga muhtojlarni qabul qilishga qarshi emas. Ammo migrantlar sonini kamaytirish kerak, deydiganlar ham ko‘p.







