Andijonda aholiga ajratilgan ko‘mirlar talon-taroj qilindi
Uchta tumanda ko‘mir ombori mudirlari soxta hujjatlar bilan ko‘mirlarni pullashgan.

Andijonda aholi uchun ajratilgan ko‘mirlar talon-taroj qilingani aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon tuman ko‘mir ombor mudiri Sh.B. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 362,3 mln so‘mlik 1.220,0 tonna ko‘mirni fuqarolar olganligi to‘g‘risida soxta maʼlumot tayyorlab, ko‘mirni naqd pulga sotgan.
Shu kabi holatlar Buloqboshi va Jalaquduq tumanlarida ham qayd etilgan. Jami uchta tumanda ko‘mir ombori mudiri aholi uchun ajratilgan ko‘mirlarni pullab, shaxsiy manfaatlari yo‘lida talon-taroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan ombor mudirlari Sh.B., S.N., va Y.Yu.ga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ushbu shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Jinoyat ishlari yuzasidan dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.







