Bugun Toshkentda WBC tashkilotining 61-konvensiyasi o‘z ishini boshlaydi
Yilning eng muhim boks tadbirida qatnashish uchun O‘zbekistonga yuzdan ziyod mamlakatdan delegatlar keldi.

Butunjahon boks ittifoqining (WBC) bu yilgi konvensiyasiga Toshkent mezbonlik qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Yil yakunlanib borar ekan, barcha soha va yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi WBC tashkiloti ham o‘zining yillik faoliyati sarhisobi hamda rejalarini muhokama qiladi. O‘tgan yili tashkilotning 60-konvensiyasi Meksikada o‘tkazilgan va aynan o‘sha tadbirda navbatdagi konvensiya mezbonligi Toshkent shahriga ishonib topshirilgandi.
Yilning eng muhim boks tadbirida qatnashish uchun O‘zbekistonga yuzdan ziyod mamlakatdan delegatlar keldi. O‘zbekistonda WBC tashkil etilganligining 60 yilligi ham nishonlanadi. Shu kungacha konvensiya Meksikadan tashqari AQSH, Yevropa mamlakatlarida tashkil etilgan. MDH mamlakatlari orasida Boku (Ozarbayjon) va Moskva (Rossiya) shaharlari ham ushbu tadbirga mezbonlik qilgan. Osiyo davlatlari orasida Tailand, Yaponiya ham WBC konvensiyasini qabul qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston birinchi bor bu tadbirni o‘tkazmoqda.
WBC 61-konvensiyasi kun tartibidan taʼlim, doping, hakamlik, xalqaro munosabatlar, boks qoidalari, reytinglar, chempionlik kamarlari, xayriya va jamoat tashabbuslari kabi bir nechta masalalar bo‘yicha yig‘ishlar o‘tkazilishi o‘rin olgan. Bugun soat 10:00da poytaxtdagi “Hilton” mehmonxonasida konvensiya o‘z ishini boshlaydi. Tadbir yakunlanishi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani ham o‘tkaziladi.
Shuningdek, O‘zbekistonga kelgan mehmonlar qadim va hamisha navqiron Samarqand shahrida ham bo‘lishadi. Yulduzli mehmonlar yosh bokschilarga o‘z mahorat saboqlarini ulashishadi. 17 noyabr kuni muhtasham "Humo Arena"da katta professional boks kechasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir O‘zbekistonning LIFT promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilyapti. Oqshomning markaziy jangi superog‘ir vaznda o‘tkazilib, unda Bahodir Jalolov JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga ko‘tariladi.







