Afsonaviy Muhammadqodir Abdullayev 50 yoshda
U 2000-yil Sidneyda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqib, O‘zbekiston hisobiga yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etgan.

Bugun Sidney-2000 Olimpiadasi chempioni, O‘zbekistonga olimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etgan Muhammadqodir Abdullayev o‘z tavallud ayyomini nishonlamoqda. Boksimiz afsonasi qutlug‘ 50 yoshga to‘ldi.
Muhammadqodir Abdullayev 1973 yil 15 noyabr kuni Andijonda dunyoga kelgan. Boks bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi. 2000 yil Sidneyda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqib, Mustaqil O‘zbekiston hisobiga yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etgan.
Bugungi kun qahramoni professional boksda ham yorqin ishtirok etganini taʼkidlash joiz. Muhammadqodir Abdullayev Nyu-Yorkdagi muhtasham “Medison Skver Garden” arenada afsonaviy Migel Kottoga qarshi chempionlik jangida ringga ko‘tarilgan.
Abdullayevning erishgan yutuqlari hukumatimiz tomonidan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi", "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvonlari, "El-yurt hurmati" ordeni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
2019-yilda Prezident tashabbusi bilan Andijon viloyati Bo‘z tumanidagi 6-umumtaʼlim maktabida Muhammadqodir Abdullayev boks maktabi tashkil etildi.







