Toshkentda soxta bank operatori ushlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi 34 yoshli Gʻ.S. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 3 mln 331 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent viloyati Bekobod shahrida yashovchi 33 yoshli M.F. sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko‘ra, M.F. jabrlanuvchi Gʻ.S.ning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini "bank operatori" sifatida tanishtirib, unda cheklovlar mavjudligini aytib uni aldab, "SMS" xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qo‘lga kiritib, jami 3 mln 331 ming so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib olgan va pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.F.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.







