Asila Mirzayorova qitʼamizning “Eng yaxshi ayol para atleti” deb topildi
Muxtorxon Tashxodjayev esa Osiyo va O‘zbekistonda paralimpiya harakatini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining faxriy ordeni bilan taqdirlandi.


Bugun Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining (APC) yakuniga yetib borayotgan joriy 2023-yil sarhisobi bo‘yicha eng munosiblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Quvonarlisi, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayevning yurtimizda va Osiyo qitʼasida Paralimpiya harakatini rivojlantirishda qo‘shayotgan xizmatlari munosib baholandi va tashkilotning Osiyo ordeni bilan taqdirlandi.

Yana bir ahamiyatli jihati, para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni, Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi Asila Mirzayorova esa qitʼaning “Eng yaxshi ayol para atleti”degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Qitʼada eng yaxshi nomga munosib bo‘lish bu mehnatlar samarasi, izlanishlar mukofotidir.
"Osiyo minbarlarida eʼtirof etilgan O‘zbekiston paralimpiya qo‘mitasi rahbari Muxtorxon Tashxodjayev va paraatlet Asila Mirzayorovani ushbu eʼtirof bilan samimiy muborakbod etgan holda, ularga kelgusidagi faoliyatlarida ham ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz", — deyiladi Paralimpiya qo‘mitasi xabarida.








