Ziroat Mirziyoyeva Qatar muzeylarida bo‘ldi — foto
O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qatar milliy muzeyi va Islom sanʼati muzeyi bilan tanishdi.



O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qatar milliy muzeyi va Islom sanʼati muzeyi bilan tanishdi.
Qatar milliy muzeyi 2019 yilda ochilgan. U yerda Qatar Davlatining tarixi, qatarliklar urf-odati va anʼanalari hamda mamlakatdagi islom obidalari haqidagi maʼlumotlar o‘z aksini topgan. Mehmonlar Fors ko‘rfazining tabiati va undagi turli noyob jonivorlarning hayoti bilan ham yaqindan tanishishlari mumkin.


Islom sanʼati muzeyi Qatarning diqqatga sazovor joylari orasida alohida o‘ringa ega.
Muzey Doha sohilidagi sunʼiy orolda joylashgan bo‘lib, 5 qavatdan iborat. 2008 yilda ishga tushirilgan.
Bu dargoh anʼanaviy madaniyat xilma-xilligini va islom sanʼati serqirraligini ifodalovchi ramziy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Unda Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarida VII asrdan XIX asrga qadar mavjud bo‘lgan islom sanʼati buyumlari o‘z aksini topgan. Muzey qoshida kutubxona va 200 o‘rinli o‘quv zali, restavratsiya laboratoriyasi va taqdimot o‘tkazish uchun qator xonalar mavjud.


Yana bir eʼtiborli jihati, bu muzeyda Samarqanddan keltirilgan Qurʼon sahifasi nusxasi ham bor. Bularning hammasi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, maʼnaviy mushtaraklikdan dalolat beradi.












