Ijaradagi Feliks “Barsa”da qoladimi?
U “Atletiko”ga qarshi o‘yinda g‘alaba to‘pini kiritgandi.

Ispaniya chempionatidan o‘rin olgan “Barselona” - "Atletiko Madrid" o‘yini ko‘p jihatdan Joau Feliksning sobiq jamoasiga qarshi qanday harakat qilgani bilan esda qoldi. Hozirgi vaqtda ijaraga olingan hujumchining huquqlari hali ham Madrid jamoasiga tegishli. O‘yindan bir kun oldin Feliks o‘zining tarmoqdagi sahifasida shunday degandi:
"Albatta, men «Atletiko» uslubidan ko‘ra “Barselona” uslubida o‘ynashni afzal ko‘raman. Lekin bu ajablanarli ham emas. Har qanday futbolchi mana shu tarzda javob berishi tabiiy. Bu haqda qaysidir o‘yinchidan, hatto «Atletiko» aʼzolaridan ham so‘rasangiz, ular mening fikrimga qo‘shilishadi. Agar yo‘q deb javob berishsa, ularning hammasi yolg‘on gapirayotgan bo‘ladi".
Feliks juda ko‘p to‘siqlarga uchragani, «Atletiko» futbolchilari muntazam ravishda portugaliyalik hujumchining “oyog‘iga bolta urishmoqchi” bo‘lishgani uchun shunday javob bergan bo‘lishi mumkin. U bu yilgi mavsumda ketma-ket to‘qqiz tur gol ura olmadi, lekin aynan sobiq jamoasiga qarshi o‘yinda u hammadan ajralib turdi. U Oblakka istehzoli tarzda kulib qo‘ydi va keyin golni nishonlash uchun «Atletiko» muxlislari tomon yugurdi. Bu holatdan keyin yozda hujumchi sobiq jamoasiga qaytishi aniq emas. Ko‘rinishidan, u Kataloniyada qoladi.
Ko‘p o‘tmay Feliks dublni amalga oshirishi mumkin edi, lekin u to‘pni bo‘ysundira olmadi. «Barsa» esa bu bahsda ancha yaxshi ko‘rindi va bu birinchi bo‘lim davomida raqibga faqat bitta xavfli hujum tashkil qilish imkonini berdi. Mezbonlar esa dastlabki 12 daqiqada uchta ajoyib imkoniyatni boy berishdi.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin Feliks atrofida davom etdi. Agar tanaffusgacha Vitselni sariq kartochka olishga majbur qilgan bo‘lsa, keyin bu ish Aspilikueta zimmasiga tushdi. Bir necha daqiqadan so‘ng uning o‘zi ham sariq kartochkali bo‘ldi. Umuman olganda, hakam ushbu o‘yinda futbolchilarga to‘qqizta, "Barsaʼ murabbiyi Xaviga bitta sariq kartochka ko‘rsatdi. "Atletiko Madrid" va “Barselona” bir vaqtning o‘zida ajoyib imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Avvaliga Rafinya darvoza ustuniga zarba berdi, keyin esa Depay yuqori burchakka jarima zarbasini yo‘lladi. Shu tariqa bahs ajoyib kurash ostida kechib, «Barsa»ning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi.







