Poytaxtda yaroqsiz dori sotayotgan firma aniqlandi
Farmatsevtika mutaxassislari tekshiruviga fuqaro murojaati sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Farmatsevtika xavfsizligi markazi xabariga ko‘ra, Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Farobiy ko‘chasi, 28A-uy manzilida joylashgan “Muyassar Med” MCHJga tegishli dorixonada tekshiruv o‘tkazilgan.
Tahlillar natijasiga ko‘ra, 69 turdagi dori vositasi tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi hamda 71 turdagi dori vositasiga muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha, “Muyassar Med” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun, 2019 yil 9 fevralda berilgan №480-sonli litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Muyassar Med” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.
Maʼlumot o‘rnida, "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga muvofiq, 2024-yil 17-fevraldan boshlab, litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda unga 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi.







