“Chesscom” rossiyalik grossmeyster Denis Xismatullinni frontga qilgan safarlari tufayli blokladi
Avvalroq, u Samarqanddagi turnirda polshalik raqibi qo‘lini siqishdan bosh tortgandi.

Xismatullinning o‘zi blokirovka qilinganini ma'lum qildi. Uning bayonoti Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinini ochiq qo‘llab-quvvatlayotgan shaxmatchi Sergey Karyakinning Telegram kanalida eʼlon qilingan.
Xismatullinning so‘zlariga ko‘ra, “Chesscom” shaxmatchiga o‘z saytida sovrinli turnirlarda qatnashishi va har qanday ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangani haqida xabar bergan.
26-dekabr kuni polshalik grossmeyster Yan-Kshishtof Duda Samarqandda o‘tkazilgan shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatining birinchi turnirida Xismatullin bilan qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortgan edi. Polshaning Rzeczpospolita nashri polshalik shaxmatchining bunday xati-harakatini Xismatullinning Ukrainadagi jangovar zonaga bir necha bor tashrif buyurgani bilan izohladi.
Chess.com – dunyodagi eng katta shaxmat platformasi. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng portal Rossiya agressiyasini qoraladi. 2022-yil aprel oyidan boshlab u Rossiyada bloklangan.







