Germaniya Konstitutsiyaviy sudi Usmonovning yaxtadagi tintuvlarga qarshi daʼvosini qabul qilmadi
Shikoyatning rad etilishi "protsessual asoslar" bilan izohlangan.

Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudi rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning yaxtadagi tintuvlarga qarshi daʼvosini ko‘rib chiqish uchun qabul qilmadi. Shikoyatning rad etilishi "protsessual asoslar" bilan izohlangan.
"Janob Usmonovning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishining noqonuniyligi va Germaniyadagi aktivlar haqida maʼlumot taqdim etishni talab qiluvchi tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunning huquqiy asosga ega emasligiga shubhamiz yo‘q. Konstitutsiyaviy sudga berilgan daʼvo shu bilan bog‘liq edi", — deyiladi Gauweiler&Sauter yuridik firmasi materialida.
Hujjatda aytilishicha, Konstitutsiyaviy sud ayrim savollarga javob bermagan. Xususan, "davlatning siyosiy qarorlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lmagan" shaxsning Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi inson huquqlariga zid emasmi degan savolga.
Advokatlarning aniqlik kiritishicha, ular afsusda bo‘lsalar ham, sud qarorini hurmat qilishadi. Ayni paytda, hujjatda qayd etilganidek, ular keyingi harakatlar variantini, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga shikoyat qilish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Avgust oyida maʼlum bo‘lishicha, Alisher Usmonov Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida tintuv o‘tkazishni mulk daxlsizligining buzilishi deb hisoblagani uchun daʼvo bilan murojaat qilgan edi. Tintuvlar tadbirkorga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirishda gumon qilinayotgan ish bo‘yicha tergov doirasida o‘tkazilgan.





