Pxenyan yana Janubiy Koreya tomon o‘q uzdi
Otishma bir soat davom etgan.

Bugun, 6-yanvar kuni KXDR Janubiy Koreya bilan chegaraga yaqin joydagi dengizga artilleriyadan 60 ta o‘q uzdi.
Shimoliy Koreya harbiylari ushbu hududda ketma-ket ikkinchi kun o‘t ochishmoqda. Janubiy Koreya tomoniga ko‘ra, Shimoliy Koreya mahalliy vaqt bilan soat 16:00da o‘t ochgan, otishma bir soat davom etgan.
Bir kun avval Shimoliy Koreya mintaqada artilleriyadan 200 marta o‘q uzgandi. Snaryadlar Shimoliy chegara chizig‘idan shimoldagi dengiz bufer zonasiga, ikki davlat o‘rtasidagi dengiz chegarasiga tushgan.
Janubiy Koreya hukumati Yeonpyong orolida tinch aholini boshpanalarga evakuatsiya qilishni buyurdi. Janubiy Koreya harbiylari ham o‘ch olish maqsadida harbiy mashqlarni o‘tkazdi.







