Sport

Baratov va Keldiyorova Odivelash Gran-prisi chempioni bo‘ldi

Musobaqaning ilk kunida ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Baratov va Keldiyorova Odivelash Gran-prisi chempioni bo‘ldi

Kecha, 26 yanvar kuni Portugaliyada dzyudo bo‘yicha yilning ilk turniri – Odivelash Gran-prisi start oldi. Musobaqaning birinchi kunida ikki nafar o‘zbekistonlik sportchilar oltin medalni qo‘lga kiritdi.

 

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi Dilshod Baratov ushbu sport turida joriy yil hisobidan atletlarning ilk medaliga mualliflik qildi. -60 kg vazn toifasida bahs olib borgan Baratov finalda braziliyalik Mishel Augustodan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu g‘alaba Baratovga jahon va Olimpiada reytingi uchun 700 ochko taqdim etadi.

 

Baratovdan so‘ng Diyora Keldiyorova (-52 kg) O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga navbatdagi oltin medalni keltirdi. Keldiyorova murosasiz kechgan chempionlik bahsida azaliy raqiblaridan biri vengriyalik Reka Pupp ustidan yana bir bor g‘alaba qozondi. Shu bilan Diyora ham o‘z hisobiga oltin medal qatori 700 reyting ochkosini yozdirib qo‘ydi.

 

Musobaqada dunyoning 90 mamlakatidan 624 nafar sportchi ishtirok etmoqda.

Baratov va Keldiyorova Odivelash Gran-prisi chempioni bo‘ldi | Zamon.uz