Sport

Rasman: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib MMA bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Ushbu nufuzli musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Rasman: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib MMA bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

 

Barchaga yaxshi maʼlum, ayni paytda dunyoda jangovar yakkakurash sport turlari orasida MMA (aralash jang sanʼati) shiddat bilan rivojlanib, aksariyat sport ishqibozlari diqqat eʼtiboriga tushmoqda. Bugungi kunga kelib Xalqaro aralash jang sanʼatlari federatsiyasi (IMMAF) havaskor MMA dunyosining boshqaruv tashkiloti bo‘lib, unga dunyoning 123 ta davlati aʼzo hisoblanadi.

 

 

MMA O‘zbekistonda ham juda tez ommalashib, yoshlarimizning sevimli sport turlaridan biriga aylanib ulgurdi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, 2019 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi (UMMA) ushbu sport turining yurtimizdagi rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida tashkilot O‘zbekiston hududida MMA sport turi bo‘yicha ko‘plab mahalliy va xalqaro musobaqalarni tashkil etdi. Bir qator iqtidorli yoshlar yetishib chiqdi va hozirgi kunda dunyo arenalarida nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

 

O‘zbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi va Xalqaro aralash jang sanʼatlari federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu hamkorlik natijasida joriy yil O‘zbekistonda ilk bor aralash jang sanʼatlarining havaskorlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.

 

 

Taʼkidlash kerakki, IMMAF va UFC o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, IMMAF havaskorlar o‘rtasidagi musobaqalarda yaxshi natijalar qayd etgan sportchilar UFC bilan professional shartnoma tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Ushbu nufuzli musobaqa oldidan Xalqaro aralash jang sanʼatlari (IMMAF) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun shuningdek Bosh ijrochi direktori Densin Uayt hamda tashkilotning Osiyo qitʼasi direktori Vissam Abi Nader janoblari yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif davomida xalqaro tashkilot rahbariyati yurtimizdagi zamonaviy sport obyektlari, infratuzilmalar bilan yaqindan tanishdi va rejalashtirilayotgan Jahon chempionatining tashkiliy masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri bilan ham uchrashdi.

 

 

 

Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Xalqaro aralash jang sanʼatlari (IMMAF) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun, tashkilotning Bosh ijrochi direktori Densin Uayt hamda tashkilotning Osiyo qitʼasi direktori Vissam Abi Nader janoblari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov hamda O‘zbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov ham ishtirok etdi.

 

Anjumanda joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonda ilk bor aralash jang sanʼatlarining havaskorlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rasman eʼlon qilindi. Taʼkidlash kerakki, bunday yuqori saviyadagi turnir Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor o‘tkazilmoqda va O‘zbekiston bu borada birinchi bo‘ladigan bo‘ldi.

 

Rasman: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib MMA bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi | Zamon.uz