Toshkentdagi maktablarda ommaviy qotillik qilish bilan tahdid qilingani haqida xabarlar tarqaldi
Rasmiylar holatga izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 29 yanvar kuni Toshkent shahridagi maktablarda ommaviy qotillik uyushtirilishi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqaldi. Xabarda Telegram kanallaridan birining anonim mualliflari Toshkentda ommaviy qotillik o‘tkazmoqchi ekani, bu ishga bir yildan beri tayyorgarlik ko‘rishayotgani haqida aytiladi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu xabarlar haqiqatga mos kelmasligi maʼlum qilindi.
"Bu kabi yolg‘on xabarlarni tarqatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi orasida vahima, sarosima qo‘zg‘ashga erishishdir. Ayni provakatsiyalar MDH hududi uchun birinchi holat emas", — deyilgan rasmiy munosabatda.
Bu xabarlar feyk ekanligi boshidan aniq edi. Chunki bundan uch kun avval, 26 yanvar kuni xuddi shu xabarlar Qozog‘istonning Aktobe shahriga tegishli Telegram kanallarida ham tarqatilgan. Xabar matnida shahar nomidan boshqa hamma narsa bir xil. Shundan so‘ng, 26 yanvar kuni Aktobedagi barcha maktablarda darslar bir kunga bekor qilingan. Bunga hatto mamlakat taʼlim vazirligi ham munosabat bildirgan.
Unda bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tekshiruv boshlangani maʼlum qilinib, ota-onalardan vahimaga berilmaslik va xavotirga tushmaslik so‘ralgan. Shuningdek, shahardagi maktablarda xavfsizlik choralari kuchaytirilib, o‘quv tadbirlari o‘tkazilgan. Keyinroq maʼlum qilinishicha, Qozog‘istonda soxta terrorchilik akti haqidagi xabarlarni tarqatishda gumon qilinib, "qo‘shni davlatlardan birida tug‘ilgan 18 yoshli yigit" ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.







