Nurxon Qurbonova ketma-ket ikkinchi bor jahon chempioni bo‘ldi
Shuningdek, Safiya Burxanova o‘z yo‘nalishida tengsiz ekanini isbotladi.

Kobe shahrida davom etayotgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatidan xushxabarlar kelishi davom etmoqda.
Ayollar o‘rtasida F54 klassida nayza uloqtirish dasturida ishtirok etgan hamyurtimiz Nurxon Qurbonova 20.73 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Nurxon Qurbonova 2023 yil Parijda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida F54 klassida nayza uloqtirish dasturida 20.15 metr natija bilan oltin medal va Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritgan edi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida F12 klassida yadro uloqtirish dasturida startga chiqqan hamyurtimiz Safiya Burxanova 13.05 metr natija qayd etgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Safiya Burxanova 2023 yil Parijda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 13.72 metr natija bilan kumush medal hamda Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritgan edi.







