Niqob ostidagi yulduzlar
Jiddiy jarohatlar ham ba'zi futbolchilarni muhim o'yinlarsiz qoldirolmaydi.

Burni singanidan keyin Kilian Mbappe endi Fransiya terma jamoasida Yevropa chempionatida maxsus tayyorlangan niqobda o‘ynaydi. Futbolchi jarrohlik amaliyotiga muhtoj edi, ammo shifokorlar bilan birgalikda u operatsiyani keyinga qoldirishga qaror qildi. Bu butun turnirni o'tkazib yuborishiga sabab bo'lardi. Mbappe uchun dastlab Fransiya bayrog'i tushurilgan zamonaviy niqob ishlab chiqarildi, biroq UEFA bunday niqobda o'ynashni taqiqladi. Mbappedan tashqari yana bir qator futbolchilar muhim bahslarda niqobda maydonga tushgan. Bugun bu haqda batafsil ma'lumotga ega bo'lishingiz mumkin.
Maykl Ballak
2011-yilda “Frayburg”ga qarshi safar o‘yinida Ballak raqib bilan to‘qnashib, maydonni tark etgandi. "Bayer" bosh murabbiyi Robin Dutt o'shanda yarim himoyachining burni singanini ma'lum qilgan. Shundan so'ng, Ballak uchun burnini to'liq qoplagan niqob tayyorlandi. Bu juda g'ayrioddiy ko'rinardi.
Paolo Maldini
Maldini Milan derbisida burnini sindirib oladi, shundan so'ng u bir necha hafta kasalxonada yotdi. U Chempionlar Ligasi chorak finalida "Ayaks"ga qarshi o'yinga qaytadi va maydonga niqobda chiqadi.
Viktor Osimhen
2021-yilning noyabrida “Napoli” va “Inter” uchrashuvida Osimhen raqib himoyachisi bilan to‘qnashib ketadi. Jarohat dahshatli edi - Viktorning nafaqat burniga, balki ko'z bo'shlig'iga ham jiddiy zarar yetadi. Qayta tiklanish bir necha oy davom etadi, shundan so'ng forvard maydonga niqob kiyib qaytadi. Ajablanarlisi shundaki, Osimhen hali ham unda o'ynayapti. 2022-yilda "Napoli" shifokori Roberto Rudjiero bu unga xavfsizlikni ta'minlashini tushuntirdi.
Robert Levandovski
2015-yilda Levandovski Germaniya kubogi yarim final uchrashuvida burni va jag'ini sindirib olgan: Dortmundning "Borussiya"si bilan uchrashuvning 117-daqiqasida u darvozabon Mitchell Langerak bilan to'qnashib ketadi, shundan so'ng u kasalxonaga yotqizilgan edi. Bir necha kundan so'ng Robert himoya niqobida mashg'ulotlarga qaytdi. Polyakdan niqob bilan o‘ynash tajribasi haqida so‘rashganida shunday degan.
"Niqob kiyishim kerak bo'lganida, bu yoqimsiz edi. Ayniqsa, jarima maydonchasida bu noqulay edi: ko'rish maydonim cheklangan edi. Bu qiyin, lekin salomatlik, albatta, muhimroqdir. Men Mbappe qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini tushunaman”.
Per-Emerik Obameyang
2022-yilda Obameyang "Chelsi"ga niqob kiygan holda ko'chib o'tdi - transferdan bir necha kun oldin uning uyiga qaroqchilar kirib kelishdi.
"Yakshanba kuni kechqurun qandaydir kimsalar uyimizga bostirib kirishdi, mening oilam va bolalarimga shunchaki biror narsani o'g'irlash bilan tahdid qilishdi. Ular mening jag'imni sindirishdi, lekin men tezda tuzalib ketdim, boshqa hech kim jabrlanmadi".
Shundan so'ng, Obameyang uchun yonoq suyaklarini himoya qiladigan niqob tayyorlandi.
Jon Terri
2007-yilda, "Fulhem" bilan o'yinning uchinchi daqiqasida "Chelsi" sardori Klint Dempsi bilan to'qnashadi. Jarohat jiddiy edi, lekin Terri tanaffusga qadar o'ynaydi, shundan so'ng u qaytmadi - oxir-oqibat futbolchiga yonoq suyagi singanligi tashxisi qo'yildi. Futbolchi operatsiya qilindi va uning maydonga qaytishi uchun klub buyrug'i bilan qulay niqob tayyorlandi.







