Maktabgacha taʼlim agentligi faoliyati tugatildi
Bu bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi.

“Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, Maktabgacha taʼlim agentligi (Agentlik) faoliyati tugatildi hamda Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
🏢 Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi, jumladan:
🔹ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
🔹maktabgacha taʼlim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish;
🔹maktabgacha taʼlimning o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta taʼlim dasturlari bilan uzviyligini taʼminlash;
🔹davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini taʼminlash.







