Argentina termasining finaldagi raqibi ma’lum bo‘ldi
Bahs 15-iyul kuni bo'lib o'tadi.

Futbol bo‘yicha Amerika Kubogining yarim finalida Kolumbiya va Urugvay terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. O‘yin Sharlottadagi (AQSh) Bank of America stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 1:0 hisobida kolumbiyaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ushbu uchrashuvdagi yagona gol 39-daqiqada hujumchi Xefferson Lerma tomonidan kiritildi. Unga hujumkor yarim himoyachi Xames Rodriges yordam berdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Kolumbiya terma jamoasi himoyachisi Daniel Munos ikkinchi sariq kartochkani olib maydondan chetlatildi.
Shu tariqa Kolumbiya 2024-yilgi Amerika Kubogi finaliga chiqdi va u yerda Argentina terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Eslatib o‘tamiz, Argentina terma jamoasi Amerika kubogining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Turnirning final uchrashuvi 15-iyulga belgilangan.







