"Barsa" jarohatlar sabab qiynalmoqda
Klubning o'nga yaqin futbolchisi safdan chiqqan.

"Barselona" to'qqizta o'yinda sakkizta g'alaba bilan Ispaniya chempionatida peshqadamlik qilmoqda. Biroq, jarohatlar Kataloniya jamoasida futbolchilar bilan bog'liq muammolarni yuzaga chiqarmoqda. Hozirgi kunda jamoaning o‘nga yaqin futbolchisi jarohat olgan. Ularning qachon maydonga qaytishi aniq emas. Xans-Diter Flik dam olish kuni "Sevilya" bilan uchrashuvda kimlarga ishonch bildirishi mavhum bo'lib qolmoqda.
Ter Shtegen
"Barselona"ning asosiy darvozaboni va sardori bu mavsumda jamoaga yordam bermaydi. Ter Shtegen 22-sentyabr kuni "Vilyareal"ga qarshi o'yinda jarohat olgan edi. O'sha o'yinda u birinchi bo'limning qo'shib berilgan vaqtida almashtirildi, keyin nemis futbolchisining jarohati jiddiy bo'lib chiqdi. Mark-Andre operatsiya qilindi va uning tiklanish davri taxminan sakkiz oyni tashkil qiladi. Joriy mavsumda Ter Shtegen yettita o‘yin o‘tkazdi. "Barselona" allaqachon uning o'rniga Voytsex Shesni bilan shartnoma imzolagan.
Diego Koen
Ter Shtegen safdan chiqqanida, 18 yoshli amerikalik Koenning ham jarohat olishi darvozabonlar bilan bog'liq vaziyatni yanada og'irlashtirdi. U yaqinda mashg'ulotlarga qaytdi, shuning uchun agar xohlasa Flik uni zahiraga qo'shishi mumkin, ammo Koenning yaqin kelajakda "Barsa"dagi debyuti amalga oshmasligi mumkin.
Ronald Arauxo
Urugvaylik himoyachi hali "Barselona"ning joriy mavsumdagi o'yinlarida ishtirok etmadi. Arauxo 7-iyul kuni Urugvayning Braziliyaga qarshi o‘yinida tizzasidan jarohat olgan edi. Ronald tiklanishni davom ettirmoqda. U 20 noyabrda maydonga qaytishi aytilmoqda.
Andreas Kristensen
Daniyalik futbolchi 23-avgustdan beri jarohati sabab uchrashuvlarda ishtirok etmayapti. Dastlabki prognozlarga ko'ra, himoyachi sentyabr oyi oxirigacha safga qaytishi kerak edi. Biroq, yaqinda “Barselona” Kristensenning yana to‘rt oyga safdan chiqqanini e’lon qildi – bu klubga Dani Olmoni ro‘yxatdan o‘tkazishga yordam berdi. Andreasning qaytishi bilan bog'liq vaziyat esa noaniqligicha qolmoqda. Kristensen bu mavsumda faqat bitta o'yin o'tkazgan.
Gavi
Yarim himoyachi Gavining tiklanish jarayoni deyarli yakunlandi. Joriy mavsumda 20 yoshli futbolchi hali "Barselona" safida o'yinlarda ishtirok etmadi. Chunki u o'tgan yilning 19-noyabridan beri shifoxonada. Gavi Yevro-2024 saralashida Ispaniya terma jamoasining Gruziyaga qarshi o'yinida jarohat olgan edi. Shuning uchun u Yevropa chempioni bo'lolmadi. Sentyabr oyida Gavi umumiy guruhda mashg'ulotlarni boshladi. "Sevilya" bilan keyingi o'yinda u asosiy tarkibda maydonga tushishi dargumon.
Fermin Lopes
Yevropa chempioni va 2024-yilgi Olimpiada g‘olibi Ispaniya yoshlar terma jamoasi safida chap sonini jarohatlaganidan beri maydonga tushmadi. Fermin Lopes endi bir jarohatidan zo'rg'a tuzalib ulgurgan edi. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, futbolchi "Sevilya" bilan o'yinga tayyorgarlik ko'rmoqda. Fermin Lopes joriy mavsum klub safida uchta o'yinda ishtirok etgan.
Dani Olmo
Olmo yozgi transfer oynasida Kataloniya klubi safiga kelib qo'shilganidan so'ng mavsumni ajoyib boshladi. Futbolchi dastlabki uchta o'yinda yangi jamoasi tarkibida uchta gol urdi. Biroq, 15-sentyabr kuni "Jirona"ga qarshi o'yinda Dani o'ng son payidan jarohat oldi. Dastlab, uning jarohati jiddiy emasligi aytildi. Ammo, keyinchalik buning aksi bo'lib chiqdi.
Ferran Torres
"Barselona" vingeri 7-oktyabrdan beri davolanmoqda. Chempionatda "Alaves" bilan o'tgan so'nggi o'yinda Ferran Torres oltinchi daqiqada jarohat olib, almashtirilgandi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, unga o‘ng sonning orqa qismidagi mushak yorilishi tashxisi qo‘yilgan. Ferran Torres dekabr oyi boshida maydonga qaytishi mumkin. Qanot himoyachisi joriy mavsumda 10 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Lamin Yamal
"Barselona" yosh yulduzining jarohat olishi Kataloniya jamoasi uchun yana bir yangi yo'qotish bo'ldi. Yamal 12-oktyabr kuni Ispaniya terma jamoasi uchun Millatlar ligasi doirasida Daniya bilan o'yinda jarohat oldi. Shu sababdan u terma jamoani muddatidan avval tark etdi. Flikning so'zlariga ko'ra, u "Sevilya"ga qarshi o'yinda asosiy tarkibda o'ynashga tayyor. Joriy mavsumda Yamal 11 uchrashuvda 5 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Frenki de Yong
Gollandiya terma jamoasi yulduzi yaqindagina safga qaytgandi. 1-oktyabr kuni Chempionlar ligasi doirasidagi “Alaves”ga qarshi o‘yinda ishtirok etdi. Keyinchalik Frenki terma jamoa ixtiyoriga borib qo'shilmadi. "Sevilya" bilan o'yinda "Barsa"ning barcha muxlislari uni kutishmoqda. Ammo, ba'zi ma'lumotlarga ko'ra futbolchi hali to'liq tiklanishga ulgurmagan.







