“El-klasiko”dan tashqaridagi kurash
Bugun Ispaniyada turning markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

"Barselona" va "Real Madrid" top futbolchilar uchun ajoyib joy hisoblanadi. Jamoalar o'z ro'yxatiga eng kuchli futbolchilarni yig'ishadi. Tabiiyki, iste'dod uchun kurashda jamoalar ko'pincha bir-biri bilan to'qnash kelishadi. Bugun “Barselona” va “Real” qaysi futbolchilar uchun kurashganini eslab o'tamiz.
Neymar
Neymar "Barselona"da Lionel Messi va Luis Suares bilan birga afsonaviy trioning ajralmas bo'lagi hisoblanadi. "Real Madrid" Neymarni 12 yoshidan boshlab kuzatgan. 2006-yilda braziliyalik futbolchi hatto klub bazasiga ham kelgan va jamoa yulduzlari bilan suratga tushgan. Biroq, braziliyalikning otasi o'shanda yosh futbolchining Ispaniyaga ko'chib o'tishini hali erta deb hisoblagan. Mazkur hikoya 2011-yilda davom etdi. "Real Madrid" allaqachon Neymar bilan shartnoma shartlarini kelishib oladi. 2017-yilda Florentino Peres "Onda Cero" radiosiga bergan intervyusida braziliyalik hujumchi hatto tibbiy ko'rikdan o'tganini aytgandi. Biroq, Neymar kutilmaganda “Santos” bilan 2014-yilgacha shartnoma imzolaydi. Keyin esa kurashga "Barselona" qo'shiladi. Shundan so'ng kataloniyaliklar Neymar bilan yashirin kelishuvga erishadi. U 2014-yilda 10 million yevro + 30 million yevro evaziga "Barsa"ga o'tishga va'da beradi. 2012-yilda madridliklar futbolchini qo'lga kiritishga yana bir bor urinib ko‘rdi. "Real" ko'proq pul taklif qildi. Ammo yakunda braziliyalik futbolchi Kataloniya klubi a'zosiga aylandi.
Endrik
Yevropadagi top-klublarning yarmi vunderkindni qo'lga kiritish uchun kurash olib bordi. Ammo oxir-oqibat futbolchi Madrid jamoasiga ko'chib o'tdi. "Real Madrid " Neymar "Barselona"ga o'tganidan keyin Vinisius va Endrik kabi iqtidorli futbolchilarni boshqa hech qachon o'tkazib yubormaslikka qaror qildi. Balki, bu "Chelsi" uchun ham saboq bo'lishi mumkin, chunki dastlab londonliklar Endrikni sotib olishga yaqinroq bo'lishgan, ammo London jamoasi futbolchining narxidan norozi edi. Keyinchalik "Real" futbolchi uchun belgilangan pulni to'lashga rozi bo'lgan. Biroq, bir necha yil oldin yosh forvard "Barselona"ning qiziqishlari doirasida edi. Uning o'zi ham jamoaga muxlislik qilishini ta'kidlagan. Yakunda esa braziliyalik futbolchi Madridni tanladi.
Vinisius Junior
Vinisius "Oltin to'p"ni qo'lga kiritishiga bir qadam qoldi. Braziliyalik futbolchi 2018-yildan beri "Real" safida uch marta Ispaniya chempionatida va ikki marta Chempionlar ligasida g'alaba qozondi. Biroq, "Flamengo" klubidan Ispaniyaga ko'chib o'tishdan oldin u kataloniyaliklar a'zosiga ham aylanishi mumkin edi. Madridliklar bilan kelishuvdan avval vinger vakillari "Barselona"dan taklif olgandi. Ammo hamma narsani Vinisiusning o'zi hal qildi.
"Biz "Barselona"dan "Real"dan ko'ra qulayroq taklif oldik. Ammo Vinining o'zi allaqachon Madridni tanlagan edi, chunki u buni ideal variant deb hisobladi. Bu puldan ko'ra muhimroq edi: u o'z kelajagini tanlashi kerak edi va shunday bo'ldi", - deyishgan braziliyalik hujumchining agentlari Frederiko Pena va Lukas Mineiro.
Luis Suares
Suares "Barselona"ning 20-asrdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri. U bilan birga kataloniyaliklar Chempionlar ligasi, to'rtta Ispaniya chempionligi va yana bir qancha muhim sovrinlarni qo'lga kiritishdi. Ammo urugvaylik futbolchini Madrid jamoasi ham qo'lga kiritishi mumkin edi. 2024-yilda "Marca" nashriga bergan intervyusida Suares bu haqda batafsil to'xtalib o'tgandi:
"JCh-2014 oldidan "Real" meni o'z safiga qo'shib olmoqchi edi va hammasi yaxshi o'tdi. Klub Karim Benzemani "Arsenal"ga sotish haqida o'ylayotgandi. Hammasi shunga qarab ketayotgandi. Lekin, jahon chempionati boshlanganda, “Barselona” bu poygaga qo'shildi va “Barselona”ni afzal ko‘rdim. Sababi klubda o'ynash mening orzuim edi".
Rodrigo
Rodrigo "Real Madrid"da ajoyib o'yinlar ko'rsatmoqda, ammo u "Barselona"da ham o'ynashi mumkin edi. 2023-yilda braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar bilan dastlabki kelishuvga erishganini aytgandi. Ammo Madrid jamoasining aralashuvidan so'ng bu fikridan qaytdi:
"Bolaligimda ikkita futbolkam bor edi: biri “Barsa”, ikkinchisi “Real”niki. Biroq, bu tanlov men uchun juda oson edi. O'shanda men "Barselona" bilan shartnoma bo'yicha kelishib olgandim, "Real" ham men uchun kurash olib borishini kutmagandim. Bu vaziyatda qaror qabul qilish qiyin edi, lekin keyin bu hayotimdagi eng baxtli lahzalardan biri ekanligini angladim”.
Luka Modrich
2008-yilda Modrichga "Barselona" jiddiy qiziqish bildirdi. Ispaniyaning "Mundo Deportivo" gazetasi Zagrebning "Dinamo" klubi yarim himoyachisiga kataloniyaliklarning futbolkasini sovg'a qiladi va Luka u bilan suratga tushadi. Lekin, yakunda Modrich Ispaniyada emas, APLga yo'l oladi. Ikki yil o'tgach, ommaviy axborot vositalari Lukaning Kataloniyaga ehtimoliy transferini yana muhokama qilishni boshladi. Keyin uning o'zi barcha mish-mishlarga nuqta qo'ydi:
"Albatta, sizning nomingiz shunday klub bilan bog'langani yoqimli. Avvaliga ular meni “Inter”, “Manchester Yunayted” va “Chelsi”ga “sotishdi”, endi esa “Barselona”ga. Ammo men yaqinda "Tottenhem" bilan shartnoma imzoladim. Men muxlislarimizni yaxshi ko'raman va o'zimni uyimdagidek his qilaman. Bu yerda barcha orzular amalga oshishi mumkin”.
Natijada, Modrich 2012-yilda “Real”ga o‘tdi va Madridning afsonalaridan biriga aylandi.
Devid Alaba
2021-yilda Alaba "Bavariya"ni erkin agent sifatida tark etdi va "Real"ga o'tdi. Shundan bir yil oldin Devid faoliyatini qayerda davom ettirish imkoniyatlarini o'rganayotgan edi. "Barselona" ustuvor vazifalardan biriga aylangandi. "Sport.es" nashrining xabar berishicha, avstriyalik futbolchi kataloniyaliklarga umid bog‘lagan. David "Barsa" uning moliyaviy ehtiyojlarini qondira olishiga ishongan. Klub ham Alaba bilan shartnoma imzolashni rejalashtirgan. Ammo yakunda “Barselona” moliyaviy kurashda “Real”ga yutqazadi.







