APL 10-turi sarhisobi
“Bornmut” sensatsion tarzda amaldagi chempionni taslim qildi, “Arsenal” “Nyukasl”ga mag‘lub bo‘ldi, “Liverpul” esa “kambek” evaziga turnir peshqadamiga aylandi. Shu va boshqalar haqida – Angliya premyer ligasi navbatdagi tur natijalari.

Iraola shogirdlaridan chempionlarga master-klass
“Manchester Siti”ning ushbu mavsumdagi dastlabki mag‘lubiyati har qanday grand jamoa bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat albatta, ammo “shaharliklar”ning oxirgi 2 o‘yini Pep Gvardiola standartlariga yaqin ham kelmasligi klub muhlislarini ancha sarosimaga solgan bo‘lishi aniq.
Ushbu g‘alaba uchun “Bornmut” klubini, jumladan klub futbolchilari Antuan Semenyo, Lyuis Kuk va Milosh Kerkezlarni alohida olqishlab qo‘yish lozim. Ular butun o‘yin davomida o‘zlaridagi g‘alabaga bo‘lgan irodani namyish qilishdi hamda bugungi kunda nafaqat Yevropa, balki butun dunyodagi kuchli 5 ta klubdan biri bo‘lgan “Manchester Siti” ustidan ishonchli g‘alaba qozonishdi.
To‘g‘ri, mehmonlar “Vitaliti Stedium”ga tarkibda bir qator yo‘qotishlar bilan tashrif buyurishdi, ammo Andoni Iraola ushbu bahsda Xosep Gvardiolaga master-klass o‘tib berdi. U hozirgi kunda o‘zining optimal formasida bo‘lib turgan Ganalik vinger Antuan Semenyoni yoshi ancha o‘tib, oldingi tezligidan asar ham qolmagan Kayl Uoker qanotiga joylashtirdi. Gvardiola esa ushbu dueldagi mag‘lubiyatni tan olgan holda o‘z sardorini markaziy himoyaga o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Qaytaraman, bu kabi mag‘lubiyatlar har qanday kuchli jamoalar bilan sodir bo‘lishi mumkin, ayniqsa APLda.
Top-3 ga hush kelibsan “Forest”
“Nottingem Forest” 10 ta dastlabki o‘yindan so‘ng o‘z darvozasidan atigi 7 ta gol o‘tkazib yubordi. Bu o‘tgan mavsumda ligada zo‘rg‘a jon saqlagan “autsayder” uchun kutilmagan natija. “O‘rmonchilar” bosh murabbiyi Nunu Eshpiritu Santu tomonidan yozgi transferlar vaqtida jamoaga himoyachilar Nikola Milenkovich hamda Aleks Morenolarning qo‘shilishi “Forest” himoyasida o‘ziga hos balans hosil qildi.
APLning 10-turi doirasida “Nottingem Forest” “Siti Graund”da “Vest Xem Yunayted”ni qabul qildi va yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. “Vest Xem” tomonidan butun o‘yin davomida mezbonlar darvozasiga bor-yo‘g‘i 3 ta zarba yo‘llandi va ulardan faqat bittasi aniq bo‘ldi. Mezbonlar esa ushbu g‘alaba orqali turnir jadvalining 3-o‘riniga ko‘tarilib olishdi.
Qiyin vaziyatdan ustalik bilan chiqishning Eddi Xau formulasi
Milliy chempionat hamda Liga kubogidagi “Chelsi”ga qarshi hamda ushbu mavsumda chempionlik uchun daʼvogar hisoblangan “Arsenal” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinlar boshqacha natijalar bilan yakunlanganida “Nyukasl” bosh murabbiyi Eddi Xau kuchli bosim ostida qolishi turgan gap edi. Yakunda esa barchasi “Hakkalar” uchun ijobiy yakunlandi: “Chelsi” bilan durang va g‘alaba (“Chelsi” Liga kubogini tark etdi) hamda “Arsenal” ustidan 1:0 hisobidagi g‘alaba.
“Nyukasl”ning “Kanonirlar” ustidan qozonilgan g‘alabasi ularni turnir o‘rtamiyonasiga aylantirgan bo‘lsa, “Arsenal”ning chempionlik borasidagi ambitsiyalariga katta so‘roq belgisini qo‘ydi. Mikel Arteta Martin Edegorning tarkibda emasligidan hoxlagancha nolishi mumkin, faqat jarohatlar girdobida qolgan “Nyukasl”ga qarshi o‘yindan keyin emas.
Katta sahnada Dominik Solanke
Bir paytlar qiyin vaziyatlarda Harri Keynga suyanadigan “Tottenhem Xotspur”ning hujum chizig‘i yangi qahramonga muhtoj. Ushbu qahramon esa Dominik Solanke bo‘lishi lozim, har holda uning markaziy hujumchi ekanligi, Keynga o‘rinbosar sifatida ko‘rilganligi va albatta uning klub tarixidan eng qimmatga (bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda 76 mln yevro) sotib olingan futbolchi ekanligi buni taqozo etadi.
Dastlabki turlarda u o‘zining sermahsulligini namoish qila olmagan bo‘lsada, “Shporlar” bosh murabbiyi Ange Pastokoglu Solankeni jamoaga faqat foyda keltirayotgani hamda uning gol kiritishni boshlashi faqatgina vaqt masalasi ekanligini eʼtirof qilishdan charchamayotgan edi.
Pastekogluning fikrlari qanchalik to‘g‘ri ekanligini “Tottenhem” muxlislari APL 6-turi doirasida “Old Trafford” da “Qizil iblislar”ga qarshi o‘yinda guvoh bo‘lishgan bo‘lsa, bosh qahramonsiz qolgan “Tottenhem Stedium” sahnasiga u 10-turda “Aston Villa” bilan o‘yinda chiqdi. Raqiblar hujumchisi, Angliya terma jamoasi aʼzosi Olli Uotkinsdan farqli o‘laroq Solanke yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana oldi (2ta gol va 1 ta assist) hamda “Tottenhem”ning ishonchli g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Alisher G‘oyibov tayyorladi.







