Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda
Bu haqida BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisobotida maʼlum qilindi.

“Tolibon” 2022 yil aprelda ko‘knori yetishtirishni taqiqlagandi. Natijada, mamlakatda 2023 yilga kelib ko‘knori yetishtirish taxminan 95 foizga qisqargan. Ammo joriy yilda Afg‘onistonda ko‘knori ekiladigan maydonlar qariyb 20 foizga (12,8 ming gektargacha) oshdi.
Shuningdek, ko‘knori ekiladigan hududlar Afg‘oniston markazidan mamlakatning janubi-g‘arbiy hamda shimoli-sharqiy qismlariga ko‘chdi.
"2024 yildagi o‘sishga qaramay, ko‘knori maydonlari 2022 yilga nisbatan kam. Bundan ikki yil oldin ular 232 ming gektar hududda yetishtirilgan", — deya taʼkidlanadi BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisobotida.
Qayd etilishicha, 2024 yilning birinchi yarmida quruq ko‘knorining bir kilogrammini 730 dollar atrofida sotilgan — bu taqiqdan oldingi narxdan 100 dollarga qimmat. O‘tgan yilgi hisobotda ko‘knori narxi 408 dollargacha chiqqani aytilgan edi.
2023 yilda Afg‘onistonda yetishtirilgan ko‘knorining qariyb yarmi Pokiston bilan chegaradosh janubi-g‘arbiy viloyatlar hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu hududlar sezilarli darajada qisqargan. Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh shimoli-sharqiy viloyatlarda esa ekin maydonlari 381 foizga oshib, 7563 gektarga yetgan.







