Isroil Livan bilan urushni tugatganini e'lon qildi
Isroil 60 kun ichida Livandan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak. Netanyahu kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, qattiq choralar ko‘rishni vaʼda qilmoqda.

Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati Livanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqida AQSH prezidenti Jo Bayden maʼlum qildi.
Amerika yetakchisiga ko‘ra, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh bitimi 27 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:00 da Isroil va Livanda kuchga kiradi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari (SAHAL) bo‘linmalari kelasi 60 kun ichida Livan hududini tark etadi.
Vashington va Parij "o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi to‘liq bajarilishini" taʼminlashga harakat qiladi, deb taʼkidladi Reuters Fransiya va AQSH prezidentlarining qo‘shma bayonotiga tayanib.
Avvalroq CNN Isroil rasmiylariga tayanib, Netanyahu sulh bitimining asosiy tamoyillarini maʼqullagani haqida xabar bergan edi. Ommaviy axborot vositalari bu 60 kunlik sulhni, shuningdek, Livan janubida Isroil tomonidan yaratilgan bufer zonani yo‘q qilishni o‘z ichiga olganini yozgandi.







