Muhammad Saloh faoliyatini qayerda davom ettirishi mumkin?
Futbolchining agenti yangi kelishuvga erishgan.

“Liverpul” hujumchisi Muhammad Salohning amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakuniga yetadi. Tomonlar hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha bir necha oydan beri muzokara o‘tkazib kelayotgan edi. Biroq yaqinda misrlik futbolchi klubdan ketishi mumkinligi va bu jamoa unga hali shartnoma taklif qilmagani bilan bog‘liq ekanini aytgandi.
Bir necha manbalarning ma’lum qilishicha, Salohning agenti Rami Abbos klub mutasaddilari bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Muzokaralarning cho‘zilib ketishi moddiy masalalarga bog‘liq bo‘lmagan. Hamkorlikning uzaytirilishiga shartnoma muddati to‘sqinlik qilgan. “Liverpul” hujumchiga bir yillik bitim bermoqchi bo‘lgan. Saloh shartnomani uch yilga tuzishni talab qilgan.
Oxir-oqibat tomonlar o‘zaro kelishuvni 2027-yilning 30-iyunigacha davom ettirishga ko‘ngan. Tez orada Muhammad Saloh yangi shartnomaga imzo chekadi.







