Yozda bir qancha yulduz futbolchilar jamoasiz qoladimi?
Ularning ko'pchiligi erkin agentga aylanishi mumkin.

Yevropaning eng kuchli jamoalarida to'p surayotgan bir nechta top futbolchilar olti oy ichida erkin agentga aylanishi mumkin. Ushbu ro'yxatdagi yulduz futbolchilar o'ntaligiga "Bavariya" va "Liverpul"ning uchta vakili kiritilgan.
Trent Alexander-Arnold ("Liverpul", 26 yosh, 70 million yevro)
Himoyachi butun professional faoliyati davomida "Liverpul"da o'ynab kelmoqda. 26 yoshiga qadar u "mersisaydliklar" klubi libosida uch yuzdan ortiq o'yin o'tkazgan. Angliyalik futbolchining kelajagi hamon noaniqligicha qolmoqda. "Sky Sport" xabariga ko'ra, Trent faoliyatini "Real"da davom ettirmoqchi. Manbaning ta'kidlashicha, himoyachini ispan klubiga o'tish varianti va Jude Bellingem bilan bir jamoada o'ynash imkoniyati qiziqtirmoqda. Trentning o'zi hali kelajagi haqidagi savolga aniq javob bergani yo'q.
Leroy Sane ("Bavariya", 28 yosh, 60 million yevro)
Oktabr oyida tomonlar shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokara olib borayotgani haqida ma'lumot paydo bo'ldi. Sanening o'zi yangi shartnomaga umid qilmoqda, ammo "Bavariya"ning pozitsiyasi boshqacha. Nemis futbolchisi tez-tez jarohat olgani uchun klub rahbarlari shartnomani uzaytirmoqchi emas. Shu sababli Sane Angliyaga qaytishi mumkin. U 2016-yildan 2020-yilgacha "Manchester Siti"da o'ynagan. Ammo unga hozirda boshqa klublar qiziqish bildirmoqda. "Bild" nashri "Arsenal" vingerni qo'lga kiritish istagi borligini xabar qilgan.
Muhammad Saloh ("Liverpul", 32 yosh, 55 million yevro)
“Dekabrga yaqin vaqt qoldi. Men esa haligacha klubda qolish uchun bironta ham taklif olmadim. Yozda ketishim ehtimoldan yiroq. Albatta, hafsalam pir bo'ldi, lekin men nafaqaga chiqmoqchi emasman”, - degandi Saloh noyabr oyida bergan intervyularidan birida. Bir necha hafta o'tgach, jurnalist Devid Ornshteyn "Liverpul" futbolchiga aniq taklif bilan chiqqani haqida xabar berdi. Insayder Fabritsio Romanoning fikricha, tomonlar kelishuvning moliyaviy masalasini hal qilishlari kerak.
Joshua Kimmix ("Bavariya", 29 yosh, 50 million yevro)
Kimmix Ispaniyaning top klublari - "Real Madrid" yoki "Barselona"ga o'tishi mumkin. Ammo Ispaniya matbuotidagi so'nggi xabarlarga ko'ra, mahalliy jamoalar Kimmix variantini ko'rib chiqmayapti. "Mundo Deportivo" nashrining xabar berishicha, "Barselona" bosh murabbiyi Xans-Diter Flik futbolchiga qiziqish bildirmayapti. "Real Madrid" o'z navbatida boshqa futbolchilarga ko'z tikkan. Kimmix varianti jamoaning rejalarida yo'q.
Xyon Min Son (“Tottenhem”, 32, 45 million yevro)
Koreyalik futbolchi “Tottenhem”da shu qadar uzoq vaqt (2015-yildan beri) o‘ynadiki, uni boshqa klub libosida tasavvur qilish qiyin. Jurnalist Nikolo Shiraning xabar berishicha, London jamoasi futbolchi bilan shartnomani 2026-yilning yoziga qadar uzaytirmoqchi. Ayni vaqtda "Galatasaroy" Viktor Osimhenning o'rniga koreyalik hujumchiga qiziqish bildirmoqda.
Kevin De Bryuyne ("Manchester Siti", 33 yosh, 45 million yevro)
Joriy mavsumda belgiyalik futbolchi maydonda bor-yo'g'i 793 daqiqa o'tkazdi. "Manchester Siti" va Belgiya terma jamoasining hujumkor yarim himoyachisi, 33 yoshli Kevin De Bryuyne "shaharliklar" bilan shartnomasini uzaytirish istiqbollari haqida gapirdi.
"Mavsum boshida muzokaralar bo'lishini bilardim, ammo keyin jarohat yuz berdi. Men hozirda hammasini chetga surib qo'ydim. Biz muzokaralar olib boramiz, agar ijobiy natija bermasa, bu mening klubdagi so'nggi yilim bo'ladi", - degandi Kevin noyabr oyidagi intervyusida. Ben Jeykobsning xabar berishicha, futbolchiga Saudiya Arabistonining uchta klubi (“Al-Nasr”, “Al-Ahli”, “Al-Qadisiya”) qiziqish bildirmoqda.
Virjil van Deyk ("Liverpul", 33 yosh, 30 million yevro)
Ushbu ro'yxatga "Liverpul"ning yana bir futbolchisi kiritilgan. Bir necha kun oldin gollandiyalik futbolchi yangi shartnoma masalasida hali ijobiy yangilik yo'qligini ma'lum qilgandi. Jurnalistlar futbolchidan yangi shartnoma borasida bir necha bor ma'lumot so'rashgan, biroq Van Deyk har safar javob berishdan qochgan. Futbolchi "Real Madrid"ga o'tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo Madrid klubi hozirgi kunda boshqa futbolchilarga e'tibor qaratgan.







