Shavkat Mirziyoyev xokkeychi va yengil atletikachilarni tabrikladi
Prezident sportchilarning yutuqlarini alohida qiziqish bilan kuzatib bormoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev sportchilarimizning yutuqlarini alohida qiziqish va e’tibor bilan kuzatib boryaptilar. Davlatimiz rahbari xokkeychi va yengil atletikachilarimizni yuksak zafarlari bilan tabriklab, ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik izhor etadilar.
Ma’lumot uchun, Armanistonda o‘tkazilgan jahon chempionatida xokkeychilarimiz o‘z divizionida g‘olib bo‘lib, kelgusi mavsumda uchinchi divizionda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bundan oldin, mart oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham terma jamoamiz g‘alaba qozongan edi.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida yurtdoshlarimiz 12 ta — 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z tarixida birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.







