Global isish xavfli uyqu buzilishiga sabab bo‘ladi
Harorat ko‘tarilgani sari uyqudagi xavf ortmoqda.

Iqlim o‘zgarishlari faqat tabiatga emas, inson salomatligiga ham tobora kuchliroq ta’sir o‘tkazmoqda. So‘nggi xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, global isish xavfli uyqu buzilishi – obstruktiv uyqu apnesi xavfini 45 foizga oshiradi.
Nature Communications jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada 41 mamlakatdan 116 ming nafar inson ishtirokidagi yirik tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Ularning uyqu sifati yotoq ostiga joylashtirilgan maxsus tibbiy sensorlar orqali kuzatilgan va 62 milliondan ortiq kecha haqidagi ma’lumotlar tahlil qilindi.
Olingan natijalar iqlim va sog‘liq orasidagi muhim bog‘liqlikni ochib berdi. Havo harorati 27°C dan yuqorilaganda, odamda ertasi kechasi uyqu apnesi rivojlanish xavfi salqin tunlarga nisbatan 45 foizga oshadi. Bu holat ayniqsa Yevropa mamlakatlari va ortiqcha vaznga ega shaxslar orasida aniq sezilgan.
Obstruktiv uyqu apnesi – bu uyqu paytida nafas olish qisqa muddatga to‘xtab qoladigan, sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazuvchi holatdir. Bunday pauzalar yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet va hatto yo‘l-transport hodisalari xavfini oshiradi.
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, dunyoda 1 milliardga yaqin odam bu muammoga duch kelgan, ammo ko‘pchiligi bundan bexabar. Eng xavflisi – bu holat erta o‘lim xavfini ham keskin oshiradi.
Tadqiqotchilar global harorat sanoatgacha bo‘lgan darajadan 1.8°C yoki undan yuqoriga ko‘tarilsa, 2100-yilga borib bu kasallik 1,2–3 baravar ortishi mumkin, deb ogohlantirmoqda.








