TURKSOY bosh kotibi Toshkentdagi Islom markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro hamkorlik doirasida muhim hujjat imzolandi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmatining ma'lum qilishicha ayni damda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilish avvalida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi Sulton Raev markaz rahbari Firdaus Abduholiqov hamrohligida markaz binosi va uning xalqaro tashkilotlar uchun ajratilgan maxsus maydonlari bilan tanishdi.
Ayniqsa, markaz majmuasining ikkinchi qavatida joylashgan xalqaro hamkorlikka mo‘ljallangan maxsus hudud mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng, davom etayotgan yig‘ilish doirasida TURKSOY va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ilmiy kengash a’zolari, ishchi guruh rahbarlari, xalqaro mutaxassislar va loyihalar ijrochilari ishtirok etayotgan majlisda markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy-ma’rifiy loyihalarni takomillashtirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashilmoqda.
Bu hamkorlik turkiy va islomiy madaniyatlarning uyg‘unlashgan tarixiy merosini chuqurroq tadqiq qilishga xizmat qiladi.







