Ulug‘bek Rashitov 2 yilga sportdan chetlashtirildi
Doping qoidalarini buzgan Rashitovning 2025 yil 3 fevraldan boshlab qayd etilgan barcha shaxsiy natijalari bekor qilindi.

Xalqaro testlash agentligi (International Testing Agency – ITA) Jahon taekvondo federatsiyasi (World Taekwondo, WT) nomidan e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, Rashitov 12 oy ichida uch marta joylashuv qoidalarini buzgan va ikki yilga sport musobaqalaridan chetlashtirilgan.
ITA ma’lumotiga ko‘ra, sportchi ADRV (Anti-Doping Rule Violation – antidoping qoidabuzarligi) da'volariga qarshi chiqmagan va unga nisbatan qo‘llanilgan jazoni qabul qilgan. Shu bois ish “natijalarni qabul qilish” tartibida yopildi. Taekvondochining 2025 yil 3 fevraldan qayd etilgan barcha shaxsiy natijalar bekor qilindi.
ITA bu ish bo‘yicha boshqa izoh bermasligini bildirgan. Biroq mazkur qaror WT antidoping qoidalarining 13.2.3-moddasiga muvofiq, sport arbitraj sudining apellyatsiya bo‘limiga shikoyat qilinishi mumkin.
Ulug‘bek Rashitov — O‘zbekiston tarixidagi ilk taekvondo bo‘yicha Olimpiya chempioni bo‘lib, u Tokio-2020 o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Mazkur diskvalifikatsiya uning sport faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.







