Toshkentda tanish ayolini ko'chada kaltaklagan erkak 15 sutkaga qamaldi
Jabrlangan 26 yoshli ayol ichki ishlar organlariga hamda shifoxonaga murojaat qilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda erkak tomonidan ayolga nisbatan kuch ishlatilgan holat aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, voqea 2025-yil 22-iyul kuni soat 13:30 larda Mirobod tumanining Qo‘yliq-1 hududida sodir bo‘lgan.
Aniqlanishicha, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro S.A. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida oldindan tanish bo‘lgan, 1999-yilda tug‘ilgan T.K. ga jismoniy kuch qo‘llagan. Erkak jamoat joyida odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan, ya’ni atrofdagilarning osoyishtaligini buzuvchi harakatlar sodir etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi holat yuzasidan na tibbiyot muassasalariga, na ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Shunga qaramay, holat yuzasidan Mirobod tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan zaruriy hujjatlar rasmiylashtirildi.
S.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosida bayonnoma tuzilib, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudiga yuborildi.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro S.A. 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolandi.







