Oʻzbekiston Turkmaniston ustidan gʻalaba qozondi
Igor Sergeevning dubl gollari bilan terma jamoa CAFA Nations Cup-2025 finaliga yaqinlashdi.

Bugun, 2-sentabr kuni Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Turkmanistonni 2:1 hisobida magʻlub etdi. Ushbu gʻalaba Oʻzbekistonning CAFA Nations Cup-2025 turniridagi imkoniyatlarini yanada mustahkamladi.
Oʻzbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev oʻyinning 37-daqiqasida hisobni ochdi. 44-daqiqada esa penaltidan gol urib, hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. 32 yoshli futbolchi shu tariqa milliy terma jamoa safidagi gollari sonini 22 taga yetkazdi va Odil Ahmedovni ortda qoldirib, eng samarali toʻpurarlar roʻyxatida 6-oʻringa chiqdi. Turkmaniston jamoasidan Didar Durdiev 84-daqiqada penaltidan gol urib, yakuniy natijani 2:1 koʻrinishida belgiladi.
Uchrashuvning 59-daqiqasida Oʻzbekiston futbolchisi Farrux Sayfiyev raqib darvozaboniga nisbatan qoʻpolligi uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston ochkolarini 4 taga yetkazib, Ummon bilan guruh peshqadami boʻlib turibdi.
Milliy terma jamoamiz 5-sentabr kuni boʻlib oʻtadigan navbatdagi uchrashuvda Qirgʻiziston bilan toʻqnash keladi. Guruhda 1-oʻrinni egallagan jamoalar 8-sentabr kuni CAFA Nations Cup-2025 turnirining final uchrashuvida ishtirok etadi.







