Jahon

Eron uchun xavfli signal

Eron rahnamosi Oyatulloh Xomonaiy va 20 nafar yuqori lavozimdagi shaxslar mamlakatni tark etishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Eron uchun xavfli signal

Eron hukumati so‘nggi yillarda o‘z boshqaruviga qarshi yo‘naltirilgan bir necha bor umumxalq norozilik to‘lqinlarini asosan kuch ishlatish orqali bostirib kelgan. Biroq bu safar mamlakat rahbariyati mutlaqo yangi va murakkab vaziyatga duch kelmoqda: ichki ommaviy noroziliklar kuchayishi bilan bir vaqtda, Isroil va AQSH tomonidan ehtimoliy harbiy zarbalar xavfi ham ortib bormoqda. Shunday vaziyatda yetakchi ommaviy axborot vositalarida Eron rahnamosi Oyatulloh Xomonaiy va 20 nafar yuqori lavozimdagi shaxslar mamlakatni tark etishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Zamon.uz’ning navbatdagi tahlil markazida Erondagi namoyishlar.

 

 

Eronda bir haftadan buyon davom etib kelayotgan namoyishlar hukumatni oyoqqa turg‘izmoqda. Garchi bu galgi namoyish 2022-yildagi ayollar boshchiligidagi ommaviy qo‘zg‘olon yoki 2019-yilda yoqilg‘i narxlari oshishi ortidan yuzaga kelgan noroziliklar darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, hozirgi chiqishlar yuqori martabali amaldorlarni jiddiy xavotirga solgan va AQSH hamda Isroilning tezkor siyosiy javob qaytarishga sabab bo‘lgan.

 

Rasmiylar bu ikki muammoni hal qilishda boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek ko‘rinmoqda. Namoyishlarni qo‘zg‘atayotgan iqtisodiy tanazzulni to‘xtatish bo‘yicha aniq reja yo‘q, yadroviy dastur borasida esa Isroil va AQSHni qoniqtira oladigan darajada yon berish istagi Eron hukumatida sezilmayapti. Bu esa Eronni navbatdagi harbiy zarbalar nishoniga aylantirishi mumkin.

 

AQSH prezidenti Donald Tramp juma kuni ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida agar Eron hukumati “tinch namoyishchilarni o‘ldirsa”, AQSH aralashishini bildirdi. U “Biz jangovar holatdamiz va harakatga tayyormiz”, deya tahdid qildi.

 

Isroil rasmiylari ham namoyishchilarni ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda.

 

“Isroil sizlar bilan birga va biz sizlarni barcha yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlaymiz”, — degan Isroilning innovatsiyalar, fan va texnologiyalar vaziri Gila Gamliel ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan video murojaatida.

 

Shanba kuni AQSH harbiylari Eronning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Venesuelaga zarba berdi va mamlakat yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga oldi. Prezident Tramp Vashington Venesuelani vaqtincha boshqarishini e’lon qildi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa boshqa davlatlar bundan xulosa chiqarishi kerakligini aytgan.

 

Bu voqealar Eron siyosiy elitasida jiddiy larzani yuzaga keltirdi. Qattiqqo‘l qarashlari bilan tanilgan eronlik sharhlovchi Ali G‘olhakiyning ta’kidlashicha, Venesuela va Suriyadagi siyosiy qulashning asosiy sababi iqtisodiy tanazzul va xavfsizlik kuchlarining ruhiy tushkunligi bo‘lgan.

 

“Agar politsiya, xavfsizlik kuchlari va harbiylar o‘z hayoti uchun kurashayotgan bo‘lsa, himoya chizig‘i qulaydi. Bu Eron uchun juda xavfli signal”, — deydi u.

 

Trampning bayonotidan so‘ng Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi favqulodda kechki yig‘ilish o‘tkazdi. Rasmiylar namoyishlarni kamroq zo‘ravonlik bilan bostirish va bir vaqtning o‘zida ehtimoliy tashqi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rish masalasini muhokama qilgan.

 

Manbalarga ko‘ra, hukumat doirasida Eron Islom Respublikasi “tirik qolish rejimi”ga o‘tganini ochiq tan olganlar bor. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon ham so‘nggi haftalarda ochiq chiqishlarida mamlakat muammolarini hal qilish bo‘yicha aniq g‘oyalari yo‘qligini aytgan.

 

“Jamiyatda adolatsizlikka asoslangan har qanday siyosat baribir muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Xalqni eshitishimiz kerak”, — dedi u noroziliklar boshlanganidan keyingi ilk nutqida.

 

Eron Markaziy bank rahbarini almashtirish va valyuta siyosatini o‘zgartirish kabi choralarni ko‘rdi, biroq bu amalda vaziyatni o‘zgartirmadi. Tahlilchilarga ko‘ra, iqtisodni tiklash uchun AQSH bilan yadroviy kelishuvga qaytish va korrupsiyaga qarshi keskin choralar talab etiladi. Ammo rasmiy Tehron hali bunga tayyor emas.

 

2018-yilda AQSH yadroviy kelishuvdan chiqqach, Eron neft eksporti va bank tizimiga og‘ir sanksiyalar joriy etildi. 2025-yil sentyabrida BMT sanksiyalarining qayta tiklanishi esa milliy valyutani yana qulatdi.

 

Isroil Eronning yadroviy va harbiy obyektlariga nisbatan suiqasdlar va portlashlar uyushtirib kelmoqda. Iyun oyida Isroilning kutilmagan hujumi 12 kunlik to‘qnashuvga sabab bo‘ldi va AQSH Eron yadroviy inshootlarini jiddiy shikastladi.

 

Hozir Tehronda ichki beqarorlik kuchaysa, Isroil yana zarba berishi mumkin degan xavotir kuchaygan.

 

Noroziliklar kichik shaharlar, kichik hududlar va universitet kampuslarida avj olmoqda. Namoyishda “Xomonaiyga o‘lim”, “Erkinlik” kabi shiorlar yangramoqda. Ba’zi hududlarda namoyishlar tartibsizliklarga aylanib, davlat binolari, avtomobillar va texnika yoqib yuborilgan.

 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 8 nafar namoyishchi va 2 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan.

 

Shunday noroziliklar vaqtida G‘arb mediasida Oliy rahnamo Oyatulloh Xomonaiy va yuqori lavozimdagi 20 nafar shaxsning Moskvaga qochib ketishi haqidagi “B reja” o‘rtaga chiqdi.

 

“The Times” nashriga ko‘ra, Xomanaiy iyun oyida Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik qurolli to‘qnashuvdan so‘ng jismonan va ruhan ancha zaiflashgan. Bu xulosa G‘arb razvedka idoralaridan biri tayyorlagan psixologik tahlilga asoslangan bo‘lib, unda Eron oliy rahnamosi “paranoyd kayfiyatdagi rahbar” sifatida tavsiflangan.

 

Qiziq Tomoni esa, rahnamoning qochishi Suriyaning sobiq qochoq prezidenti Bashar Asadning Moskvaga qochish rejasiga o‘xshatilmoqda.

 

Isroil razvedkasi vakili Beni Sabtining fikricha, Moskva Xomanaiy uchun eng ehtimoliy manzil hisoblanadi, chunki «uning boshqa borish joyi deyarli yo‘q». The Times bu holatni Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad oilasi bilan Rossiyaga qochib borib, u yerdan boshpana topgani bilan qiyoslaydi. Kreml vakili Dmitriy Peskov esa Asadning ketishini uning shaxsiy qarori sifatida baholagan edi.

 

Xabarda, shuningdek, Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy va boshqa yaqin amaldorlarning AQSH, Kanada va Dubayda qarindoshlari borligi qayd etilgan. Ayni paytda Eronda yuqori inflatsiya sabab bir necha kundan beri namoyishlar davom etmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp esa kuch ishlatilsa, vaziyatga aralashishga tayyorligini bildirgan.

 

Siyosatshunos Farhod Karimovga ko‘ra, rahnamoning qochishi haqiqatga yaqin emas va uning “qochish” rejasi Bashar Asadga o‘xshamasligini aytdi. Chunki Asadda hukumatga keladigan qarshi kuch bo‘lgan, Oyatullohda esa vaziyat umuman boshqacha.

 

“Bashar Asadda vaziyat biroz boshqacharoq edi. Unda hukumatni egallamoqchi bo‘lgan boshqa guruhlar bor edi. Masalan, o‘sha Xalab shahridagi Tahrir ash-Shom yoki o‘sha Jo‘loniyning harakatlari bo‘lgan.

 

Eronda hozir hukumatni egallayman degan kuchlar yo‘q-ku. Kimga tashlab ketadi? Kimdan qochib ketadi? Masalan, bu bir. Ikkinchisi, Xomonaiy mafkuraviy rahbar, ya’ni diniy rahbar. Hukumatni qiladigan ishlari uning vakolatiga kirmaydi, javob bermaydi, U agarda norozilik bo‘ladigan bo‘lsa, parlamentni tarqatib yuborishi mumkin, prezidentning vakolatini tugatishi mumkin. Mana shu yo‘ldan boradi. Hozircha unaqangi Suriyadagidek inqiroz holatda emas, lekin hamma narsa bir zumda o‘zgarib ketib qolishi mumkin”, — dedi u.

 

Karimovga ko‘ra, Erondagi namoyishlar rahnamoning mamlakatni tark etishga sabab bo‘la olmaydi. Uning aytishicha, bundan katta namoyishlar mamlakatda bo‘lgan.

 

“Eron ijtimoiy-gumanitar sohada muammoli holatda, lekin Suriyadagidek inqirozga kirgani yo‘q hali. Inqirozdan chiqish imkoniyatlari bor. Masalan, oldingi safar ham axloq politsiyasini tarqatib yuborgan edi, subsidiyalarni qayta tiklagan edi. Eronda hozir shu imkoniyatlar. Aholini ijtimoiy o‘sha himoyasiga ma’lum bir aksiyalarni e’lon qilishi mumkin. Lekin bular hammasi vaqtinchalik. Bu harakatlar orqali Eron vaqtinchalik vaziyatdan chiqib ketishi mumkin. Lekin katta muammolarni hal qilish uchun tubdan islohotlar kerak bo‘ladi”, — dedi siyosatshunos.

 

Siyosatshunosning aytishicha, Eronga AQSH va Isroil tahdid qilsa ham unga xavfsizlik kafolati berilmaganligi uchun yadro dasturidan voz kechmaydi. Hatto unga tarafdorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoy ham xavfsizlik kafolatlarini bermagan.

custom img

Rossiya migrantlar uchun yangi talab joriy etishni rejalamoqda

Mamlakatga vizasiz kiruvchilar mamlakatga kirish rejasi haqida oldindan xabar berishi talab qilinishi mumkin.

custom img

Tailandda sodir bo‘lgan YTH oqibatida Oʻzbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Yana 4 nafar o‘zbekistonlik tan jarohatlari olgan.

custom img

Isroil Eron razvedka vaziri Ismoil Xatibning o‘ldirilganini ma’lum qildi

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ushbu xabarni tasdiqladi.

custom img

Rossiya Eronga yordamni kuchaytirmoqda — The Wall Street Journal

Tehronga AQSH kuchlarini mintaqada nishonga olishda yordam berish uchun sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va takomillashgan dron texnologiyasi taqdim qilinmoqda.

custom img

Eron Ali Larijoniyning o‘ldirilishiga javoban Isroilga qarshi zarbalarning 61-to‘lqinini boshladi

Shuningdek, Mujatabo Xomanaiy Isroil mag‘lubiyatni qabul etib, kompensatsiya to‘lamaguncha urush davom etishini ma’lum qilgan.

custom img

Kuba AQSH bilan urushga tayyor — Kuba Prezidenti

Migel Dias-Kanel AQShning orol ustidan nazorat o‘rnatishga urinishiga “qat’iy qarshilik” ko‘rsatishga va’da berdi.

custom img

"Eron bizga hech qanday tahdid solmadi": AQSh Milliy aksilterrorizm markazi rahbari Eronga qarshi urush sabab iste’fo berdi

Jo Kent Eron AQSh uchun hech qanday bevosita xavf tug‘dirmaganini ta’kidlab, ma’muriyat Isroil va uning kuchli bosimi tufayli urush boshlaganini bildirdi.

custom img

Eron Ali Larijoniyning o‘limi uchun Isroildan qasos olishini ma’lum qildi

Isroil hujumlari oqibatida Larijoniyning o‘g‘li va uning o‘rinbosari ham halok bo‘lgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"