Jahon

Isroil hibsdagi falastinliklarga o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi

Mazkur qonun Yevropa davlatlari va inson huquqlari tashkilotlarining keskin tanqidiga uchradi.

Isroil hibsdagi falastinliklarga o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi

Isroil parlamenti — Knesset falastinliklar tomonidan sodir etilgan, o‘lim bilan yakunlangan hujumlar uchun o‘lim jazosi belgilanishini ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

 

Mazkur chora Yevropa davlatlari va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin tanqid qilindi.

 

Qonunga ko‘ra, Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda harbiy sud tomonidan “terrorizm akti” deb baholangan qasddan sodir etilgan o‘limli hujumlarda aybdor deb topilgan falastinliklar uchun o‘lim jazosi asosiy jazo chorasi sifatida belgilanadi.

 

Loyiha matniga muvofiq, o‘lim jazosiga hukm qilinganlar alohida muassasada saqlanadi, u yerga  faqat ruxsat etilgan xodimlargina kirishi mumkin bo‘ladi, yuridik maslahatlashuvlar esa faqat videomuloqot orqali amalga oshiriladi. Hukm ijrosi 90 kun ichida bajarilishi ko‘zda tutilgan.

 

Milliy xavfsizlik vaziri qonun tashabbusining asosiy tarafdorlaridan biri Itamar Ben-Gvir sirtmoq shaklidagi nishon taqib yurgan. U osish usulini “variantlardan biri” deb atab, elektr stuli yoki “evtanaziya” kabi usullarni ham tilga olgan va ayrim shifokorlar yordam berishga tayyor ekanini aytgan.

 

Xavfsizlik qo‘mitasi qonun loyihasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritgan, u o‘tgan hafta dastlabki o‘qishda ma’qullangandi. Isroilning davlat teleradiokompaniyasi KAN ma’lumotiga ko‘ra, qatl osish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, qonun sudlarga o‘lim jazosini prokuror talabnomasisiz va yakdil qarorsiz, oddiy ko‘pchilik ovozi bilan belgilash imkonini beradi. Bosib olingan G‘arbiy Sohildagi harbiy sudlarga ham bunday hukm chiqarish vakolati beriladi, mudofaa vaziri esa o‘z fikrini bildirish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Bosib olingan hududlardagi falastinliklar uchun ushbu qonun apellyatsiya yoki afv imkoniyatlarini deyarli yopadi. Isroil hududida sudlangan mahbuslar esa o‘lim jazosining o‘rniga umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilishi mumkin.

 

Qonun Otzma Yehudit partiyasi tashabbusi bilan ilgari surilgan bo‘lib, unga Itamar Ben-Gvir rahbarlik qiladi. Qarshilar esa bu chorani Isroil jazolash siyosatining keskin kuchayishi sifatida baholamoqda.

 

Harbiy amaldorlar va vazirliklar ushbu qonun xalqaro huquqni buzishi hamda Isroil xodimlarining xorijda hibsga olinishi xavfini oshirishi mumkinligini bildirgan.

 

Qonun kuchga kirgach, rasmiy amal qila boshlaydi, biroq u hali ham Isroil Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishi mumkin.

 

Ovoz berish boshlanishidan oldin Itamar Ben-Gvir parlament minbaridan keskin nutq so‘zlab, qonunni uzoq kutilgan chora va milliy g‘urur ifodasi sifatida ta’rifladi.

 

“Bugundan boshlab har bir terrorchi va butun dunyo biladiki, kim birovning hayotiga zomin bo‘lsa, Isroil davlati uning hayotiga zomin bo‘ladi”, — dedi Ben-Gvir.

 

Isroilning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari qonunni “tizimli diskriminatsiya va falastinliklarga qarshi irqchilik zo‘ravonligi”, deb baholadi. Isroildagi Fuqarolik huquqlari assotsiatsiyasi ushbu qonun ustidan Oliy sudga shikoyat kiritganini ma’lum qildi.

 

Falastin prezidenti Mahmud Abbos qonunni xalqaro huquqni buzuvchi va falastinliklarni qo‘rqitishga qaratilgan samarasiz urinish deb atadi.

 

“Bunday qonunlar va choralar falastin xalqining irodasini sindira olmaydi va ularning qat’iyatini susaytirmaydi. Shuningdek, ular falastinliklarni erkinlik, mustaqillik va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat barpo etish yo‘lidagi qonuniy kurashdan qaytara olmaydi”, — deyiladi bayonotda.

 

O‘tgan oy BMT ekspertlari Isroilni ushbu qonun loyihasidan voz kechishga chaqirib, u yashash huquqini buzishi va bosib olingan hududlardagi falastinliklarga nisbatan diskriminatsiyani kuchaytirishini ta’kidlagan. Ekspertlarning fikricha, bu chora sudlarning individual holatlarni inobatga olish va mutanosib jazo belgilash imkoniyatini cheklaydi. 

 

Shuningdek, osish xalqaro huquq nuqtayi nazaridan qiynoq yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi jazo hisoblanadi.

 

Yevropa Ittifoqining diplomatik xizmati ham ushbu tashabbusni qoralab, o‘lim jazosi yashash huquqini buzishini va qiynoqlarga mutlaq taqiqni xavf ostiga qo‘yishini bildirdi.

 

Fevral oyida Amnesty International Isroil qonunchilarini mazkur loyihani rad etishga chaqirgan.

 

Yakshanba kuni Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya ushbu qonun yuzasidan “chuqur xavotir” bildirib, u Isroilning demokratik tamoyillar bo‘yicha majburiyatlariga putur yetkazishi mumkinligini qayd etdi.

custom img

Eron xalqining matonati tufayli urush bir oydan buyon davom etmoqda —  Eron elchixonasi

Eron hukumati suvereniteti va xavfsizligini himoya qilish maqsadida har qanday agressiyaga javob berish uchun barcha imkoniyatlarini safarbar etishini ma’lum qildi.

custom img

Erondan Turkiyaga yana ballistik raketa uchirildi

Eronning Turkiyadagi elchixonasi esa uchirilgan raketa ortida Tehron turganini rad etdi.

custom img

AQSh Eronga qarshi urush xarajatlarini arab davlatlariga to‘latmoqchi

Donald Tramp mazkur masala yuzasidan alohida bayonot beradi.

custom img

Eronda AQSh va Isroil zarbalari oqibatida 105 mingdan ortiq fuqarolik obyektlariga zarar yetdi

Tehron shahrida esa 39 508 ta turar joy va tijorat binolariga shikast yetgan.

custom img

Tramp Eron elektr stansiyalari va neft quduqlarini vayron qilish bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Xarg orolini vayron qilishini taʼkidladi.

custom img

Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish uchun to‘lov joriy etishni rejalashtirmoqda

Hozircha tranzit uchun aniq miqdordagi to‘lov e’lon qilinmagan.

custom img

Eron AQShning 15 bandli rejasini “real emas” deb baholadi

Tehron Vashingtonning muzokaralar bo‘yicha takliflarini mantiqsiz deb atab, AQSh diplomatiyasiga ishonch pastligini ta’kidladi.

custom img

AQSh ayrim chet elliklar uchun boshpana arizalarini ko‘rib chiqishni qisman qayta boshlaydi

Cheklovlar Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi 39 ta mamlakat fuqarolariga tatbiq etilgan bo‘lib, ularning AQShga kirishi to‘liq yoki qisman cheklangan edi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"