O‘zbekistonda ish tashlash huquqi qonun bilan kafolatlanmoqda
Senat fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini mustahkamlovchi qonun qabul qildi.

Oliy Majlis Senati fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan qonunni qabul qildi. Mazkur hujjat milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, qonun O‘zbekiston Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Senat tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual kodeksi hamda Mehnat kodeksiga, shuningdek “O‘zbekiston Respublikasidagi jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Mehnat kodeksida ish tashlash jamoaviy mehnat nizosini hal etish vositasi sifatida xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida mehnat vazifalarini to‘liq yoki qisman bajarishdan vaqtinchalik, ixtiyoriy va jamoaviy ravishda bosh tortish sifatida belgilandi.
Shuningdek, qonunda ish tashlash huquqi kafolatlanishi, ish beruvchi va vakolatli mehnat organlarini xabardor qilish tartibi, shuningdek, tomonlarning boshqa huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning amalga oshirilishi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga, ish tashlash jarayonini huquqiy tartibga solish orqali jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu qadam O‘zbekistonning inson huquqlariga hurmat bilan yondashuvchi davlat sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlash, xalqaro tashkilotlardagi obro‘sini oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.








