O'zbekiston

Migratsiya sohasida raqamli yechimlar va yangi ta’lim loyihalari joriy etiladi

“Kasb + til” tamoyili asosidagi ta’lim loyihalari kengaytirilishi va yangi o‘quv markazlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Migratsiya sohasida raqamli yechimlar va yangi ta’lim loyihalari joriy etiladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini samarali tashkil etish, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda, xorijda ishlayotgan yurtdoshlar soni 1,2 million nafarga yetgan. Yevropa va Sharqiy Osiyo davlatlarida malakali ishchi kuchiga talab yildan yilga ortib bormoqda. Shuningdek, Yevropa Komissiyasining 2030-yilgacha mo‘ljallangan migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan hamkorlik, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

 

Shu bois, tashqi mehnat migratsiyasi bozorini kengaytirish, ayniqsa yuqori daromadli ish segmentlariga chiqish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.

 

Hozirda xorijiy ish beruvchilardan til va kasbiy talablarga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga talab mavjud. Jumladan, Germaniyada 40 ming hamshira, Yaponiyada esa 15 ming qurilish, logistika va xizmat ko‘rsatish sohasi mutaxassislariga ehtiyoj bor.

 

Mazkur ehtiyojni qondirish maqsadida Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda “Kasb + til” tamoyili asosida qo‘shma ta’lim loyihalari yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda 12 ta loyiha doirasida 8,5 ming fuqaro tahsil olmoqda, ularning 3 ming nafari allaqachon ish bilan ta’minlangan.

 

Kelgusida bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘qitish qamrovini 50 foizga kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrida 600 o‘rinli o‘quv kampusi, kasb, til va sertifikat imtihonlari uchun zamonaviy markaz tashkil etiladi.

 

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni xalqaro imtihonlarga tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar yo‘lga qo‘yiladi. Qurilish sohasi uchun esa malakali mutaxassislar — betonchi, qolipchi, armatura to‘quvchi va payvandchilarni tayyorlash markazlari kengaytiriladi.

 

Hududlarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilik o‘quv xablarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

 

Shuningdek, agrar va turizm sohalarida 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya bilan mavsumiy ish yo‘nalishlari kengaytirilishi belgilandi.

 

Migratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, fuqarolarning chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizi, malaka imtihonlari xarajatlari esa to‘liq davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda.

 

“Xorijda ish” platformasini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida takomillashtirish, ish beruvchilar va fuqarolar uchun qulay tizim yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

 

Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning yashash va mehnat sharoitlarini muntazam monitoring qilish muhim vazifa sifatida qayd etildi. Hozirda 37 ta davlatda qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 48 ming fuqaroga ijtimoiy, 17 ming nafarga huquqiy, 6 ming nafarga moddiy yordam ko‘rsatilgan.

 

Shuningdek, mamlakatda noqonuniy mehnat migratsiyasini kamaytirish, norasmiy bandlikni legallashtirish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surilgan takliflarni ma’qullab, tashqi mehnat migratsiyasi tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda raqamli yechimlarni keng joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.