O‘zbekistonda nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar soliqlardan ozod etiladi
Ushbu chora 2030-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

O‘zbekistonda nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar soliqlardan ozod etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalarga kunduzgi parvarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod etiladi. Mazkur imtiyoz davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan xizmatlarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, ota-onalar tomonidan ushbu xizmatlar uchun har bir bola bo‘yicha oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, “Aholini bandligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, zo‘ravonlik va tazyiq qurbonlari bo‘lgan hamda tegishli malaka va ko‘nikmalarga ega ayollar “Inson” markazlari tavsiyasi asosida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.








