O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi

Shuningdek, joriy yilda 13 ta yangi gidroelektr stansiyani ishga tushirish va yuzlab ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.

 

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud bo‘lib, ular nafaqat ichimlik suvi va sug‘orish tizimi, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologik barqarorlik nuqtayi nazaridan ham katta strategik ahamiyatga ega.

 

Bugungi kunda mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy qismi tabiiy gaz va ko‘mir hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Gidroenergiya ulushi esa 10–12 foiz atrofida. Shu bois mazkur yo‘nalishni kengaytirish energiya tizimini diversifikatsiya qilish, yoqilg‘i resurslariga qaramlikni kamaytirish va ekologik toza energiya manbalarini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.

 

So‘nggi yillarda gidroenergetika tarmog‘ida muhim natijalarga erishildi. Xususan, 2017-yilda 36 tani tashkil etgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilga kelib 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy ishlab chiqarish quvvati esa 1,6 gigavattdan 2,4 gigavattgacha oshdi.

 

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan gidroagregatlar va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi “UzHydroPower” zavodi tashkil etildi. O‘tgan yili ishga tushirilgan Norin GESlar kaskadining birinchi bosqichi ilk bor “milliy loyiha” modeli asosida amalga oshirilib, barcha jarayonlar mahalliy korxonalar tomonidan bajarildi.

 

Shu bilan birga, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatining katta qismi hali to‘liq ishga solinmagani ta’kidlandi. Aholi soni va iqtisodiyot hajmi ortib borayotgan bir sharoitda elektr energiyasiga talab ham oshmoqda. Shu sababli mavjud daryolar, soylar va kanallarning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, yangi quvvatlarni tez sur’atlarda ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

 

Taqdimotda 2026–2032-yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari muhokama qilindi. Natijada qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratish ko‘zda tutilmoqda.

 

Joriy yilda 13 ta gidroelektr stansiyani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt bo‘lib, yiliga 537 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ushbu loyihalar doirasida 254 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

 

Bundan tashqari, Bo‘stonliq tumanida grant mablag‘lari hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishi olib borilmoqda.

 

Yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar bo‘lgan ushbu stansiyaning quvvati 160 megavattni tashkil etadi. U yiliga 484 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 161 mingta xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.

 

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt bo‘ladigan mazkur stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlaydi.

 

Yuqori To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham atroflicha ko‘rib chiqildi. “To‘palang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi bildirildi.

 

Shuningdek, dunyo tajribasida keng qo‘llanilayotgan gidroto‘plash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlarini joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. O‘zbekistonda umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

 

Yana bir muhim yo‘nalish sifatida umumiy quvvati 164 megavatt bo‘lgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.

 

Soha samaradorligini oshirish maqsadida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteorologik ma’lumotlar hamda ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlari xavfsizligini ta’minlash uchun 3,5 mingta nazorat-o‘lchov apparatlari o‘rnatilgan.

 

Davlat rahbari barcha loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda elektr ta’minoti barqarorligini kuchaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

 

Taqdimotda Toshkent shahridagi daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish hamda yangi dam olish maskanlari tashkil etish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi.

 

Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometrlik qismida 306 gektar maydonda “Daryo bo‘yi” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida qirg‘oqlar mustahkamlanadi, yashil hududlar yaratiladi, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.

 

Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” tashkil etish, sayilgohlar, piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, ko‘priklar hamda zamonaviy yoritish tizimlarini qurish ko‘zda tutilgan.

 

Shuningdek, poytaxtda 4 ta sun’iy ko‘l va suv havzasi tashkil etish loyihasi taqdim etildi. Prezidentimiz aholi uchun qulaylik yaratish va shahar mikroiqlimini yaxshilash maqsadida ko‘llar sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

custom img

Dunyoda shakar taqchilligi xavfi kuchaymoqda: narxlar 25 foizdan ko‘proqqa oshdi

El-Nino shakar bozoriga eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy hodisalardan biri hisoblanadi.

custom img

Ko‘mir qachon va qayerdan sotiladi? “O‘zbekko‘mir” rasmiy ma’lumot berdi

Ayni paytda hududlarga ko‘mirni taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

U o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasidagi sa’y -harakatlarini e’tirof etdi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"