Jahon

Kim Chen In kimga yadro zarba bermoqchi?

O‘zining g‘alati qonunlari va o‘ta qattiqo‘l siyosati hamda avtaritar rejimi bilan tanilgan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bu gal konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartirish kiritdi.

Kim Chen In kimga yadro zarba bermoqchi?

O‘zgarishga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga qarshi suiqasd amalga oshirilgan taqdirda harbiylarga dushman tomonga javob tariqasida yadroviy zarba berish shart etib belgilandi.

 

Tahlilchilarning fikricha, Shimoli Koreya qonunchiligidagi bunday o‘zgartirish AQSH va Isroil hujumlari oqibatida Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilgani ta’sir qilgani sabab bo‘lgan. Konstitutsiyaviy islohot 22-mart kuni Pxenyan shahrida boʻlib oʻtgan Oliy xalq majlisining birinchi sessiyasida qabul qilingan. U Kim Chen In o‘ldirilgan yoki armiyaga qo‘mondonlik qila olmaydigan holatga kelgan taqdirda yadroviy javob qaytarish tartiblarini rasmiylashtiradi.

 

 

 


Bild nashrining razvedka ma’lumotlariga tayanib yozishicha, mamlakatda 60 tagacha yadroviy kallak va taxminan 2000 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uran bo‘lishi mumkin. Endi esa diktator Kim Chen In konstitutsiya darajasida armiyani muayyan shart asosida yadroviy zarba berishga majbur qildi.


“Shimoliy Koreyaning yadroviy siyosat to‘g‘risidagi qonunining yangilangan 3-moddasiga ko‘ra, agar mamlakatning yadroviy qo‘mondonlik va nazorat tizimiga dushmanona hujumlar xavf solsa, “avtomatik va darhol” javob yadroviy zarbasi beriladi”, - deyiladi razvedka xabarida.

 

Tahlilchilarning fikricha, bu qaror AQSh va Isroilning Eron oliy rahbariyatiga qarshi muvaffaqiyatli amaliyotlaridan so‘ng Pxenyan rejimida yuzaga kelgan chuqur xavotirni aks ettiradi. Seuldagi Kukmin universiteti professori va Shimoliy Koreya bo‘yicha ekspert Andrey Lankovning ta’kidlashicha, Pxenyan Tehrondagi hujumlarni diqqat bilan o‘rgangan va ularni keskin ogohlantirish sifatida qabul qilgan.


Ekspertga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbariyati Eron harbiy va siyosiy elitasi qisqa vaqt ichida yuqori aniqlikda nishonga olinganidan xavotirda. Kim Chen In doimiy ravishda tansoqchilar qurshovida harakatlanadi. U imkon qadar samolyotda uchishdan qochadi va buning o‘rniga ilg‘or xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan, og‘ir zirhli shaxsiy poyezdida sayohat qiladi.


Shimoliy Koreya chegaralari amalda yopiqligicha qolmoqda, mamlakatga kiritilgan sanoqli xorijiy diplomatlar, tadbirkorlar doimiy kuzatuv hamda qat’iy cheklovlar ostida qoladi. Tahlilchilar Shimoliy Koreyaga oid razvedka ma’lumotlarini to‘plash Eron bilan taqqoslaganda qiyinligini qayd etdi. Chunki mamlakatda videokuzatuv tarmoqlari cheklangan, internet esa qatʻiy nazorat qilinadi.


Professor Lankovning aytishicha, Shimoliy Koreya rahbariyati, ehtimol, harbiy harakatlarni kuzatishi yoki mojaro paytida amaldorlarning joylashuvini aniqlashi mumkin bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi texnologiyasidagi yutuqlardan ham xavotirda.
Pxenyan AQSh va Isroilning rahbariyatni “boshsizlantirish” bo‘yicha zarbalari qanchalik samarali bo‘lganini ko‘rdi. Eron rahbariyatining katta qismi juda tez yo‘q qilindi. Endi ular qo‘rquv ichida bo‘lishi mumkin”.

Shimoliy Koreya Rossiya-Ukraina urushida mo‘maygina pul ishlab topdi

Shimoliy Koreya Rossiya-Ukraina urushida Moskvaga yaqindan yordam berib kelgan. Qurol-aslahalar, dronlar va askarlar. Dastlab Zelenskiy tomonidan Koreya Xalq Demokkratik Respublikasi fuqarolari Rossiya tomonidan turib jang qilayotgani haqidagi xabarlar yangaragan bo‘lsa ham ko‘pchilik ishonmagan edi. Shundan so‘ng, Zelenskiy asirga tushgan askarlar va ularning hujjatlarini ommaga oshkor qilgan edi. Rossiya va Shimoliy Koreya uzoq vaqtgacha buni yolg‘on deya atab keldi. Biroq o‘tgan yili Putinning Pxenyanga tashrif buyurishi va ortiedan barcha sirlar oshkor bo‘ldi. Ikki tomon ham tan oldi hatto Pxenyanda ularga atab muzey va monument barpo etilgan edi.


Ma’lumotlarga qaraganda, Shimoliy Koreya so‘nggi uch yil ichida Rossiyaning Ukrainadagi urushiga harbiy yordam ko‘rsatish orqali taxminan 13 milliard dollar ishlab oldi.

 

Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib The Moscow Times nashrining yozishicha, Bu iqtisodiy ma’lumotlarini sir tutadigan Pxenyan hukumati uchun ulkan daromad hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 2024-yildagi yalpi ichki mahsuloti miqdori 17,2 milliard dollarni tashkil etgan. Janubiy Koreya Markaziy banki esa bu ko‘rsatkichni 25,3 milliard dollar deb baholagan.


Pxenyan qurol-yarog‘ va ishchi kuchi evaziga Rossiyadan naqd valyuta, energiya resurslari va muhim harbiy texnologiyalarni olgani taxmin qilinmoqda. Bu yordam Shimoliy Koreyaga xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tishga imkon bermoqda.


Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar 2022-yilda Ukraina urushi boshlangach, yanada chuqurlashdi. 2024-yilda ikki davlat o‘zaro mudofaa shartnomasini imzoladi. Unga ko‘ra, tomonlardan biriga hujum qilinsa, ikkinchisi harbiy yordam ko‘rsatishi shart.

Seuldagi Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2025-yilning o‘zida Shimoliy Koreya Rossiyaga yuborgan raketa artilleriyasi, snaryadlar va qisqa masofali ballistik raketalar qiymati 7 milliarddan 13,8 milliard dollargacha baholangan.


Shuningdek, Rossiya 2024-yil oxiridan beri Shimoliy Koreya qo‘shinlarini jangga jalb qilgani uchun 600 million dollardan ortiq mablag‘ to‘lagani taxmin qilinmoqda. Askarlar Ukraina qurolli kuchlarining 2024-yil avgust oyida Rossiyaning Kursk viloyatiga kutilmagan hujumidan so‘ng yuborilgan edi.


Fevral oyida Ukrainaga tashrif buyurgan janubiy koreyalik deputatning so‘zlariga ko‘ra, jangovar zonada hamon 10 ming nafar Shimoliy Koreya maxsus kuchlari, 10 ming muhandis va yuzlab dron operatorlari qolmoqda.
Biroq, Shimoliy Koreya Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani evaziga insonlar hayoti bilan katta tovon to‘lamoqda. Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, fevral oyi o‘rtalariga kelib, 6 mingga yaqin shimoliy koreyalik askar halok bo‘lgan yoki yaralangan.


Ayrim xabarlarga ko‘ra, Pxenyan hozirda Rossiya operatsiyalarini kuchaytirish uchun front chizig‘iga yana qo‘shimcha qo‘shinlar yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.


Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In aprel oyida rossiyalik harbiylar safida Ukrainaga qarshi urishayotgan koreys askarlari uchun maxsus siyosatni tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, askarlar asirga tushmaslik uchun jang maydonida o‘z joniga qasd qilishi shart. Urush maydoni va harbiy siyosat hamda xalqaro xabarlardan voqif bo‘lish uchun zamon.uz’ni kuzatishda davom eitng.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"