Turkiy dunyo va sunʼiy intellekt
Qozog‘istonning Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga bag‘ishlangan norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘istonning maʼnaviy poytaxti Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjuman mintaqamiz nafaqat global texnologik trendlarga moslashayotgani, balki o‘z qadriyatlariga tayangan holda raqamli kelajak qoidalarini mustaqil shakllantirayotganini ko‘rsatdi. Bugun sunʼiy intellekt shunchaki samaradorlik vositasi emas, balki iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy adolatni belgilovchi global kuchdir.
Sunʼiy intellekt va raqamlashtirish bugungi kunda faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi va xizmatlar sifati, eksport salohiyati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalishdir.
Agar 2020 yilda uning global bozori 50 milliard dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 371 milliard dollardan oshdi. Xalqaro prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib sunʼiy intellekt jahon iqtisodiyotiga 13–20 trillion dollar qo‘shimcha qiymat yaratadi, 2032 yilda esa ushbu bozor hajmi 2,4 trillion dollarga yetadi.
Eng muhimi, sunʼiy intellekt bugun iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga jadal kirib bormoqda. So‘nggi besh yilda uni joriy etishning global darajasi sog‘liqni saqlashda 76 foizga, sanoatda 68 foizga, moliyaviy xizmatlarda 91 foizga hamda transport va logistika sohasida esa 74 foizga yetdi.
Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib, sunʼiy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga oshadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda mamlakatimizni dunyoning yetakchi raqamli davlatlari qatoriga olib chiqish vazifasi belgilangan.
O‘zbekistonda innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sunʼiy intellekt xabini tashkil etish boshlandi. Bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarida 200 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalari amalga oshirilmoqda. “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich tinglovchilar, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilar va minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi.
Eng muhimi, sunʼiy intellekt texnologiyalari bugun tibbiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va davlat boshqaruvida amaliy natija bermoqda. Bu Yangi O‘zbekistonning bilim, innovatsiya va yuqori texnologiyalarga tayangan taraqqiyot yo‘lini qatʼiy tanlaganini yaqqol namoyon etmoqda.
Algoritmdan sunʼiy intellektgacha: Raqamli dunyoning sharqona ildizlari
Bugungi yuqori texnologiyalar, global tarmoqlar va sunʼiy intellekt davri to‘satdan, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Insoniyat erishayotgan raqamli tafakkurning asl ildizlari ming yil avvalgi Birinchi Sharq Renessansi davriga va ulug‘ ajdodimiz Muhammad Muso Xorazmiy merosiga borib taqaladi. Zamonaviy matematika, trigonometriya va geografiya rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk allomaning nomi bugun ham ilm-fanning eng yuqori cho‘qqilarida yangramoqda.
Bugungi kunda oddiy hisob-kitoblardan tortib, eng murakkab neyrotarmoqlar faoliyatigacha bo‘lgan barcha jarayonlarning ilmiy asosini tashkil etuvchi “algoritm” tushunchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Muso Xorazmiy nomi bilan bog‘liq. Alloma raqamlar, tizimli tuzilma va maʼlumotlarni qayta ishlashning mantiqiy ketma-ketligini ilmiy asosda shakllantirib bergan edi. Shu sababli, Xorazmiy merosi zamonaviy sunʼiy intellekt davrining ilk va eng mustahkam poydevorlaridan biri hisoblanadi.
Sharqning ilmiy maktabi faqat bir alloma faoliyati bilan cheklanib qolmadi. Keyingi asrlarda bu anʼana yangi kashfiyotlar bilan izchil boyib bordi. Jumladan, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bekning falakshunoslik jadvallari, aniq kuzatuvlar va murakkab hisob-kitoblarga asoslangan ilmiy anʼanalari bu merosni yana-da mustahkamladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinmi, bugungi sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya davri ‒ ajdodlarimiz asos solgan ilm, mantiq, hisob va yuksak tafakkur maktabining zamonaviy va qonuniy davomidir.
Turkiston sammiti: Nigoh raqamli kelajakka
Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tuzilmalardan biriga aylandi. Bugun tashkilot doirasida 20 dan ortiq yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda.
Yashil taraqqiyot va raqamli yangilanish yo‘lida erishilayotgan amaliy natijalar hamkorligini alohida eʼtirof etib o‘tish zarur. Raqamli davlat xizmatlari, soliq boshqaruvi va zamonaviy infratuzilma kabi sohalarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Eng muhimi, raqamli yechimlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Endi ushbu tajribani sunʼiy intellekt, innovatsiya va yuqori texnologiyalar sohasida umumiy taraqqiyot manfaatlariga yo‘naltirish vaqti keldi.
Sunʼiy intellekt va raqamlashtirish: Turkiy dunyoning strategik rivojlanish drayverlari
Bugungi kunda sunʼiy intellekt va raqamlashtirish jarayonlari shunchaki texnologik yangilanish chegarasidan chiqib, iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati hamda mamlakatlarning global maydondagi raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalishga aylandi. Ushbu jadal transformatsiya sharoitida Turkiy davlatlar tashkiloti makonida zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish va integratsiyani kuchaytirish ustuvor vazifadir. Shu maqsadda, tashkilot doirasida ko‘p tarmoqli va tizimli tashabbuslarni amalga oshirish davr talabi hisoblanadi. Xususan, mana shu yo‘nalishda bir qator takliflar ilgari surilmoqda.
Birinchi: Kelajak poydevori bo‘lgan taʼlim sohasida “Xorazmiy ‒ turkiy bilim ustozi” qo‘shma taʼlim dasturini taʼsis etish va u orqali turkiy dunyo bolalari hamda o‘qituvchilari uchun sunʼiy intellektga asoslangan yagona taʼlim muhitini yaratish maqsadga muvofiq sanaladi.
Ikkinchi: Umumiy xavfsizlikni taʼminlash yo‘lida “Turkiy qalqon” kompleks dasturini ilgari surish tashkilotning strategik barqarorligini yangi bosqichga olib chiqqishiga zamin yaratadi. Yaʼni, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilg‘or texnologiyalar va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan uchta strategik tashabbusni ilgari surish maqsadga muvofiq. Birinchisi ‒ davlat boshqaruvida sunʼiy intellektdan masʼuliyatli, xavfsiz va shaffof foydalanish tamoyillarini belgilaydigan yagona kodeksni joriy etish. Ikkinchisi ‒ rasmiy axborotning haqqoniyligi va manbalar ishonchliligini taʼminlashga xizmat qiluvchi “Turkiy ishonch protokoli”ni shakllantirish. Uchinchisi esa ekologik xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, monitoring qilish va tezkor chora ko‘rish imkonini beruvchi “Turkiy yashil qalqon” raqamli atlasini ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur tashabbuslar davlat boshqaruvi samaradorligi va ochiqligini kuchaytirish, axborot makonida ishonch muhitini mustahkamlash hamda mintaqaviy ekologik barqarorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Uchinchi: Bugun sunʼiy intellekt shunchaki texnologik trend emas, balki global geosiyosiy va iqtisodiy kuchga aylandi. Shu bois, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlari o‘rtasida bir-birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarish quvvatlarini aniqlash, qo‘shma loyihalarni saralash va yangi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga xizmat qiluvchi “Sanoat kooperatsiyasi uchun Turkiy sunʼiy intellekt platformasi”ni yaratish zarurati oshmoqda. Sunʼiy intellekt faqat yirik korporatsiyalar yoki megapolislar monopoliyasiga aylanmasligi kerak. Mintaqaviy qadriyatlardan kelib chiqqan holda:
-
Texnologiyalar barcha ijtimoiy qatlamlar uchun ochiq va inklyuziv tarzda joriy etiladi.
-
Raqamli tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun chekka hududlar va ijtimoiy zaif guruhlarning sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.
To‘rtinchi: Turkiston sammitida raqamli kelajak sari tashlangan qadamlar fonida, Turkiy davlatlar tashkiloti uchun sunʼiy intellekt sohasida mutlaqo yangi, milliy va mintaqaviy qadriyatlarga asoslangan strategiya zarurligi ko‘rinmoqda. Texnologiyaning samaradorligi uning xavfsizligidan ustun bo‘lolmaydi. Shu sababli, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida yagona Sunʼiy intellekt etika tamoyillari ishlab chiqilishi kerak. Bu tizim quyidagi poydevorlarga tayanadi:
-
Inson huquqlari ustuvorligi: Algoritmlar inson qadr-qimmatini kamsitmasligi shart.
-
Shaffoflik va nazorat: Sunʼiy intellekt qanday qaror qabul qilayotgani tizimli ravishda tushunarli bo‘lishi va inson nazoratida qolishi lozim.
-
Ijtimoiy qalqon: Bolalar va aholining himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlari raqamli tizimlarda birinchi navbatda himoya qilinishi shart.
Beshinchi: Sunʼiy intellekt rivojlanib borishining eng katta xavotirlardan biri bu ommaviy ishsizlikdir. Biroq, yechim ishchi kuchini sunʼiy intellektdan sunʼiy ravishda “himoya qilish” va texnologiyalarni cheklashda emas. Aksincha, sunʼiy intellektni kichik va o‘rta biznesga keng joriy etish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratish va xodimlarni yangi texnologik muhitga qayta tayyorlashga zamin yaratishdir.
Fikrlarimni muxtasar bayon etsam, Turkiston sammitida belgilangan sunʼiy intellekt yo‘nalishi ‒ ajdodlarimiz asos solgan algoritmlar va tafakkur maktabining qonuniy davomidir. Yuqoridagi xalqaro tajribalarni mintaqaviy qadriyatlariga moslashtirgan holda tizimli tatbiq etish, raqamli dunyoda turkiy davlatlarning suveren va yetakchi mavqeini taʼminlashga xizmat qiladi.
Nishanova Kamola Barqaror rivojlanish markazi Axborot siyosati va jamoatchilik bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i








