Sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari har yili 1,5 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda — JSST
Tadqiqotlarga ko‘ra, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar xavfli oziq-ovqat mahsulotlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan guruh hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotiga ko‘ra, xavfsiz bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari dunyo bo‘yicha har yili taxminan 866 million kasallanish holati va 1,5 millionga yaqin o‘limga sabab bo‘lmoqda.
Tashkilot ma’lumotida qayd etilishicha, ushbu kasalliklarning katta qismi bakteriyalar, viruslar, parazitlar hamda kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqat iste’moli bilan bog‘liq. 2021-yilda qayd etilgan holatlarning qariyb 860 millioni biologik omillar (bakteriya, virus va parazitlar) sababli yuzaga kelgan.
Mutaxassislar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar eng yuqori xavf guruhini tashkil etishini ta’kidlamoqda. Ushbu yosh toifasi dunyo aholisining atigi 9 foizini tashkil etsa-da, oziq-ovqat orqali yuqadigan kasalliklarning deyarli uchdan bir qismi aynan ularga to‘g‘ri keladi.
Hisobotda, shuningdek, oziq-ovqat tarkibidagi kimyoviy moddalar — jumladan qo‘rg‘oshin va metilsimob — miya rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, umrbod nevrologik va kognitiv buzilishlarga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
JSST birinchi marta oziq-ovqat orqali og‘ir metallar ta’siri bilan bog‘liq yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va aqliy rivojlanish buzilishlari yukini ham baholagan. Unga ko‘ra, noorganik mishyak va qo‘rg‘oshin ta’siri yiliga 1 milliondan ortiq o‘limga sabab bo‘lmoqda.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilda oziq-ovqat bilan bog‘liq o‘limlarning 73 foizi kimyoviy ifloslanish bilan bog‘liq bo‘lgan. Eng katta ulush noorganik mishyak (42 foiz) va qo‘rg‘oshin (31 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, xavfsiz bo‘lmagan oziq-ovqat global iqtisodiyotga ham katta zarar yetkazmoqda — ishlab chiqarish yo‘qotishlari yiliga yuz milliardlab dollarga yetishi mumkinligi qayd etilgan.
JSST hukumatlarni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirishga, jumladan qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini yaxshilash, sanitariya va ekologik nazoratni kuchaytirish hamda sanoat chiqindilarini cheklashga chaqirdi.








