Turkiyada odam savdosi va firibgarlikda gumon qilingan o'zbekistonlik ayollar qo‘lga olindi
6 yil davomida firibgarlikda ayblanib qidiruvdagigan ayol fuqarolarni AQSH va Yevropaga ishga yuborishni va’da qilib, ularning pullarini o‘zlashtirgan.

O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uzoq yillardan buyon qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada qo‘lga olinib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi Bosh konsulligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ulardan biri firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, olti yil davomida qidiruvda bo‘lgan. U xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda fuqarolarni AQSH va Yevropa davlatlarida yuqori maoshli ish bilan ta’minlashni va’da qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ushbu va’dalar orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, katta miqdordagi mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan hamda ularni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan. Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan yana bir fuqaro ham Turkiya hududida aniqlanib, O‘zbekistonga qaytarilgan.
Mas’ul idoralar ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ham O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qidiruvdagi boshqa shaxslarni aniqlash, ushlash va vatanga qaytarish bo‘yicha tezkor-qidiruv hamda protsessual tadbirlar davom ettirilmoqda.







